Samarqanddagi bilimni baholash markazining akkreditatsiyasi bekor qilindi
Ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarda keng muhokama etilgan Camarqanddagi bilimni baholash markazida Koreyaga ishga yuborish uchun sinovlardagi qoidabuzarliklar haqidagi fikrlarga tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Samarqand viloyati filiali (direktor Azizbek Hafizov) munosabat bildirdi. Unda qayd etilishicha, 2019 yil 1 iyundan boshlab Koreya Respublikasiga ishga borish istagini bildirgan fuqarolardan koreys tilini bilish darajasini belgilash bo‘yicha amaldagi tartibga o‘zgartirishlar kiritilib, tadbirkorlik sub’yektlariga koreys tili bo‘yicha saralash test bosqichini o‘tkazish huquqi berildi. Ushbu huquqdan foydalanish uchun tadbirkorlik sub’yektlari “Bilimni baholash markaz”lari sifatida akkreditatsiyadan o‘tishi lozim va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishuv imzolashi kerak bo‘ladi.
Samarqand viloyatida quyidagi “Bilimni baholash markaz”lari ro‘yxatga olingan edi:
- “Senter for assessment of knowledge” MChJ (Samarqand tumani, Gulobod ijtimoiy-iqtisodiy kolleji);
- “Chet tillarini baholash test markaz” MChJ (Samarqand shahar, Amir Temur ko‘chasi, 166-uy);
- “Koreya test markazi” XK (Samarqand shahar, Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasi, 58-A-uy);
Samarqand tumanida joylashgan “Senter for assessment of knowledge” MChJ bilimni baholash markazi tomonidan Koreys tili bo‘yicha EPS-TOPIK imtihoniga kirish uchun saralash test sinovlari jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar fuqarolarning ko‘plab e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, baholash markazi tomonidan test davomida qoidabuzarliklar sodir etilib, adolatsizlikka yo‘l qo‘yilayotganligi haqida 50 nafarga yaqin fuqarodan shikoyatlar kelib tushgan.
Mazkur murojaatlarni o‘rganish natijasida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Senter for assessment of knowledge” bilimni baholash markazida qoida buzilganligi va quyidagi qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 sentyabrdagi 725-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xorijga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining kasbiy malakasini tasdiqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 3, 4, 5-bobida keltirilgan asosiy talablar buzilgan.
2. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va “Senter for assessment of knowledge” bilimni baholash markazi o‘rtasida 2019 yil 1 iyun kuni imzolangan kelishuvning 3.3 va 4-bandi talablariga rioya etilmagan.
Aniqlangan ushbu holatlar va “Senter for assessment of knowledge” bilimni baholash markazi tomonidan Nizom qoidalarining qo‘pol ravishda buzilganligi uchun Nizomning 42 va 43-bandlari, shuningdek, kelishuvning 5.3 va 5.4-bandlariga muvofiq “Senter for assessment of knowledge” MChJ akkreditatsiyasi hamda vazirlik bilan kelishuvi bekor qilindi.
Nizomning 51-bandiga va kelishuvning 5.3-bandiga asosan markaz tomonidan taqdim etilgan nomzodlar dinamik ro‘yxatdan chiqarildi.
Yangilangan dinamik reyting ro‘yxatini quyidagi manzil bo‘yicha ko‘rish mumkin:
Hozirgi kunda Samarqand shahrida "Chet tillarini baholash test markaz” va "Koreya test markazi” bilimni baholash markazlari o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.