Samarqanddagi bir qator do‘konlarda muddati o‘tgan mahsulotlar aniqlandi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan aholini sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash yo‘nalishida bir qancha murojaatlarga asosan ushbu sohada faoliyat olib borayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar o‘rganildi.
O‘rganish davomida o‘nga yaqin do‘kon rastalarida iste’molga yaroqsiz mahsulotlar sotish uchun turgani aniqlanib, hamkor tashkilot vakillari bilan birgalikda qonunga belgilangan tartibda ta’sir choralar ko‘rilgan, kelgusida iste’molga yaroqsiz mahsulotlarni sotilmasligi to‘g‘risida tushuntirishlar va ogohlantirishlar berilgan.
- Misol uchun, Samarqand shahridagi savdo do‘konidan yaroqlilik muddati o‘tgan 22 dona “Tudor” choy mahsuloti, 5 dona kalbosa mahsuloti, 8 ta “Kremlyovskiye sushki” pechene mahsuloti, yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan shirinliklar, jami 39 turdagi iste’molga yaroqsiz mahsulotlar savdo rastasiga turganligi aniqlandi, - deydi Boshqarma bosh mutaxassisi Sherzod Salohiddinov. - Bundan tashqari, fuqaro murojaatiga asosan “R.Sh” YaTT tegishli savdo do‘konida muddati o‘tgan 2 pachka “BAYCE” choy mahsuloti, 1 banka “DIYOR” bodring mahsuloti, 1 dona mayoyez mahsuloti, jami 4 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining yaroqlilik muddati o‘tganligi aniqlanib, tegishli tartibda ta’sir choralari ko‘rildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili viloyat hokimi ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ayrim do‘konlarda hatto bir yoshga yetmagan bolalar ozuqalarining ham muddati o‘tib ketgani keskin tanqid qilingan edi.