Nega oziq-ovqat do‘konlarida muddati o‘tgan, iste’molga yaroqsiz mahsulotlar sotilyapti?

Viloyat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda ichki iste’mol bozorida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, odamlar hayoti va sog‘lig‘iga xavfli bo‘lgan sifatsiz mahsulotlarning sotilishiga yo‘l qo‘yilmaslik maqsadida kuzatuv-o‘rganish tadbirini o‘tkazdi.

O‘rganishlarga ko‘ra, Samarqand shahar “Temiryo‘l dehqon bozori"da faoliyat yuritayotgan tadbirkor M.B.ga tegishli savdo do‘konida iste’molga yaroqsiz 19 turdagi mahsulotlar sotilayotgani aniqlandi. Jumladan, qandolat mahsulotlari, kalbasa, sosiska, shokolad va sariyog‘ kabi (jami 71 dona) iste’molga yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlari sotish uchun peshtaxtaga qo‘yilgan. Bozor hududidagi yana bir tadbirkor B.M.ga qarashli savdo do‘konida inson salomatligi uchun yaroqsiz bo‘lgan mahsulotlar ham mavjud. Do‘kondagi o‘simlik yog‘i, mayonez, sariyog‘, lag‘mon, pishiriq mahsulotlari (jami 21 dona)  iste’molga yaroqlilik muddati o‘tgan bo‘lsa-da, savdodan olinmagan. Tadbirkor J.M.ning savdo do‘konida ham iste’molga yaroqsiz sariyog‘, choy va ugra lag‘moni yarim tayyor (jami 4 turdagi 22 dona) yaroqsiz mahsulotlar sotilayotgani kuzatildi.

Tadbirkorlar S.K. va M.Shga qarashli savdo do‘konlari ko‘zdan kechirilganda iste’molga yaroqsiz bo‘lgan baraka un oshi, "suxarik"lar, zig‘ir yog‘, sariyog‘, o‘simlik yog‘i, yarim tayyor lag‘mon, quyultirilgan sut mahsulotlari (jami 53 dona) borligi aniqlandi. 

Bulung‘ur tumanidagi o‘rganishlarda xususiy korxona rahbari Sh.G.ga qarashli do‘konda 2 nafar ishchi tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan holda spirtli va yaxna ichimliklar chakana savdosi bilan shug‘ullanayotgani ma’lum bo‘ldi.  Do‘konda 6 turdagi mahsulotda yaroqlilik muddati ko‘rsatilgan, ammo ishlab chiqarilgan sanasi yozilmagan. Savdo rastasidagi 12 dona spirtli ichimlik va 2 turdagi 14 dona yaxna ichimlikning yaroqlilik muddati o‘tib ketgan.

Tumanning Mehrjon mahallasidagi X.D. rahbarlik qilayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyatda ham ishchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan. Do‘konda ko‘p hajmda markirovkasiz oziq-ovqat mahsulotlari mavjud. Shuningdek, savdo do‘konidagi 10 turdan ortiq oziq-ovqat mahsulotlarida yaroqlilik muddati ko‘rsatilgan, biroq bu yerda ham mahsulotning ishlab chiqarilgan sanasi yo‘q. Rastalardagi qo‘ziqorin tuzlamasi, pista yog‘i va quyultirilgan sut mahsulotlarining yaroqlilik muddati o‘tib ketgan.

Shu mahalladagi tadbirkor Q.Yu.ga qarashli savdo do‘konida ham xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan. Do‘kondagi 30 xildan ortiq oziq-ovqat mahsulotida yaroqlilik muddati ko‘rsatilgan, lekin ishlab chiqarilgan sanasini topib bo‘lmaydi. Savdodagi tomat, ko‘kno‘xat, yogurt va ko‘p miqdorda kolbasa mahsulotlarining yaroqlilik muddati o‘tib ketgan bo‘lsa-da, rastalardan olinmagan. Bu tadbirkorlar insonning salomatligidan ko‘ra sifatsiz mahsulotdan foyda olishni ko‘zlagan.  

Tumandagi yana bir tadbirkor Yu.Sh.ga qarashli do‘konda ham tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan xodimlar ko‘p hajmda markirovkasiz oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanmoqda. Do‘konda 40 turdan ortiq oziq-ovqat mahsulotda yaroqlilik muddati ko‘rsatilgan, ammo qachon ishlab chiqarilgani yozilmagan. Savdodagi un oshi lapshasi, konfetlar, quruq choy va kolbasa mahsulotlarining yaroqlilik muddati o‘tib ketgan.

Monitoring davomida Samarqand shahar va tumanlardagi 9 ta savdo ob’yektidan jami 330 dona iste’molga yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlari aniqlandi. Ushbu mahsulotlar savdo rastalaridan olinib, aholiga sotilishining oldi olindi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish

jamiyatlari viloyat hududiy birlashmasi axborot xizmati.