Samarqanddagi birinchi xususiy oliygohda dars jarayonlari boshlandi
Bugun, 1 fevraldan Samarqand xalqaro texnologiya universitetida ta’lim jarayonlariga start berildi.
Darslar avvalida talabalarga universitet jamoasi hamda xorijlik professor-o‘qituvchilar tarkibi – universitetning birinchi prorektori, italiyalik professor Joseph Sapiyenza, tillar markazi direktorii, Janubiy afrikalik professor Annamariye Basson, axborot texnologiyalari markazi direktori hindistonlik professor Muhammad Gouse Galety, tayyorlov maktabi direktorii, AQShlik professor Ivy Silverman hamda talabalar ishlari bo‘yicha dekan polshalik professor Dorota Selviya Majeviclar tanishtirildi.
Shuningdek, har bir modul bo‘yicha fanlarning taqdimotlari o‘tkazilib, talabalarga o‘quv rejaga kiritilgan fanlarning zarurati xususida ma’lumotlar berildi.
Bundan tashqari, universitetda Janubiy koreyalik professor, Ipak yo‘li universitetlar tarmog‘i direktori Xvang Sung Don boshchiligida Koreya texnologiya va madaniyat kolleji tashkil etilganligi e’lon qilindi.
Universitetda bahorgi semestrda o‘qish uchun asosan tadbirkorlik va menejment hamda axborot texnologiyalari ta’lim yo‘nalishlariga talabalar qabul qilindi. Kuzgi semestrda esa talabalar uchun neft-gaz muhandisligi, kimyo muhandisligi, konchilik ishi, geologiya va geologiya muhandisligi, elektrotexnika kabi yo‘nalishlari ochilishi ko‘zda tutilgan.