Samarqandda o‘tgan kongressda qator sensatsion topilmalar e’lon qilindi
Samarqand shahrida O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan VII kongressi yakuniga yetdi.
Unda mamlakatimiz olimlari bilan birga Avstriya, Rossiya, Eron, Gretsiya, Turkmaniston, Turkiya, Hindiston va Ozarbayjon ilm-fan vakillari jahondagi o‘zbek kolleksiyalari haqida so‘z yuritishdi.
Kongressda yurtimizning madaniy merosiga oid bir qator muhim topilmalar taqdim qilindi.
Jumladan Ulardan biri astronomiyaga oid «Zij-i Rassad-i Samarqand» qo‘lyozmasi bo‘lib, hijriy 832, milodiy 1428-29 yilarda noma’lum nusxa ko‘chiruvchi tomonidan yozilgan. Ulug‘bekning “Zij-i Jadid-i Sultoniy” asaridan (milodiy 1437 yilda yozilgan) oldin yozilgan ushbu qo‘lyozma Hindistondagi “Rampur Razo” kutubxonasi fondida saqlanar ekan.
Kongressda yana ko‘plab shu kabi O‘zbekiston madaniy merosi uchun muhim bo‘lgan qo‘lyozmalar, fotosuratlar, artefaktlar taqdim qilindi.
Jumladan kongressning eng diiqtga sazovor yana bir voqeasi bu “Oshiqlar yig‘ini” deb nomlanuvchi miniatyuraning topilganligi haqidagi axborot bo‘ldi. Ushbu portret asarida ustoz va shogird an’analari, shuningdek mashhur Shayx Orif Ozodiy va yosh Mirzo Ulug‘bek tasvirlangan. Portretning orqa tomonida Ulug‘bek haqidagi matn ham bitilgan. Taxmin qilinishicha, miniatyura XVII asrga mansub.
Shuningdek, topilmalar orasida temuriylar davriga oid kumush va tilla bilan qoplangan ikkita nafis buyum: XV asr o‘rtalariga oid Hirot ko‘zasi va Amir Temur tomonidan 1396 yilda Ahmad ibodatxonasi uchun buyurtma qilingan mashhur yirik moyli lampalar yoki shamdonlar ham bor. Bular orasida, ayniqsa, so‘nggi temuriylar artefakti bo‘lmish XV asrga oid Hirotdan keltirilgan nefrit kosasi muhim topilmalardan hisoblanadi. Ali Qushchining matematikaga oid “Risola-i Qushchiya” qo‘lyozmasi ham qimmatli manbalardan deya e’tirof etildi. Razo kutubxonasi fondida saqlanayotgan ushbu qo‘llanma muallifning eng yaxshi asarlaridan biri hisoblanadi.
Kongress davomida Parijdagi dekorativ san’at muzeyi kolleksiyasida temuriylarning eng go‘zal miniatyuralaridan biri bo‘lgan Humoyunning bog‘dagi tasvirlari saqlanayotganligi ham ma’lum qilindi. Ushbu asar 1430 yilda Hirotda yaratilgan. Shuningdek, ushbu muzeyda madaniyatimizga oid bir nechta nafis to‘qimachilik buyumlari, ikkita chopon, so‘zana hamda Buxoro maktabiga oid bir nechta miniatyuralarni uchratishimiz mumkin.
Bundan tashqari, Qohiradagi muzeyda Samarqandda zarb qilingan tangalar saqlanayotganligi ham ma’lum bo‘ldi.