Samarqanddagi Call-center va "Onlayn poliklinika" 24 soat davomida ishlaydi
Samarqand davlat tibbiyot institutida tashkil etilgan Sall-center‘da 10 nafar tashabbuskor yoshlardan iborat volontyorlar guruhi hamda 5 nafar yosh professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Sall-center tashkil etilgandan buyon aholi tomonidan 5000 dan ortiq tibbiyotga oid murojaatlar kelib tushdi.
Bundan tashqari, o‘tgan vaqt davomida institutning 1-klinikasi hududida “Onlayn poliklinika” tashkil etildi.
“Onlayn poliklinika” pandemiya sharoitida «Uyda qoling!» shiori ostida aholiga masofadan turib kerakli maslahatlarini, tavsiyalarini hamda mutaxassislarga yo‘naltirish orqali sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.
— Mazkur poliklinikada tibbiy xizmatni faqatgina umumiy amaliyot shifokorlari emas, balki kardiolog, nevropotolog, endokrinolog, lor, akusher-ginekolog kabi malakali professor-o‘qituvchilardan iborat mutaxassislar guruhi ham jalb qilingan, — deydi onlayn poliklinika mudirasi Shoira Husinova. — «Onlayn poliklinika» aholiga beminnat tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Hozirgacha mutaxassislarga 3400 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan va ularga o‘z vaqtida malakali shifokorlar tomonidan kerakli chora-tadbirlar ko‘rsatilgan.
Ayni vaqtda onlayn poliklinika xizmatidan xorijda bo‘lib turgan yordamga muhtoj yurtdoshlarimiz ham foydalanmoqda.
SamDTI ko‘ngilli yoshlari va yosh o‘qituvchilari faoliyat yuritadigan Call-center va “Onlayn poliklinika” 1105 qisqa telefon raqami orqali 24 soat davomida murojaatlarni qabul qiladi.
SamDTI matbuot xizmati.