Samarqand viloyati “103” xizmatiga bir kunda 3800 dan ziyod chaqiriq kelib tushmoqda

Butun dunyoda bo‘lganidek mamlakatimizda ham koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemik vaziyat juda tez o‘zgarmoqda. Ayniqsa, keyingi kunlarda Samarqandda ham kasallanishlar soni sezilarli darajada ortgani, xususan, “COVID-19”ga chalingan bemorlar kundan-kunga ko‘payib borayotgani barchamizda jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining topshirig‘iga asosan “103” xizmatining ayni kundagi faoliyati, chaqiruvlar soni va aholining koronavirus bilan kasallanish holati yuzasidan ma’lumot olish maqsadida Samarqand shahar tez tibbiy yordam stansiyasi qoshida tashkil etilgan CALL-markazida bo‘ldik.

Sir emas, keyingi yillarda “tez tibbiy yordam” brigadalari dislokatsiyasi qayta ko‘rilib, aholi yashash punktlariga yaqinlashtirildi. Viloyatda tez tibbiy yordam mashinalari 135 tadan 310 taga ko‘paytirildi. Natijada, o‘tgan to‘rt yil davomida xizmat ko‘rsatish radiusi 15-20 kilometrdan 9-12 kilometrga qisqardi. Shu bilan birga, “tez tibbiy yordam”ning kechikishi 10-12 foizdan 1-2 foizgacha kamaydi. Ya’ni, 2016 yilda chaqiriqlarga yetib borish vaqti o‘rtacha 25-30 daqiqa bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 8-12 daqiqani tashkil qilmoqda. Bu esa kechiktirib bo‘lmaydigan vaziyatlarda ko‘plab insonlar hayotini saqlab qolish imkonini bermoqda.

Bundan tashqari, bugungi kunda viloyatda tashkil etilgan CALL-markazida jami 21 nafar dispetcher va 3 nafar maslahatchi vrachlar tomonidan 24 soat davomida chaqiriqlar qabul qilinib, murojaat qilgan fuqarolarga kerakli tibbiy maslahatlar berilmoqda.

Biroq, oxirgi haftada bir kunlik chaqiriqlar soni odatdagi chaqiriqlarga nisbatan 1500-1600 taga oshdi. Bu o‘z navbatida tez tibbiy yordam brigadalarini chaqiriq manziliga o‘z vaqtida yetib borishidagi kechikishlarga sabab bo‘lmoqda. Shu bois, ayrim fuqarolarimiz tomonidan qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilish holatlari ham kuzatilmoqda. Bu esa mutaxassislar ish unumdorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda va chalkashliklar keltirib chiqarmoqda.

Aytish kerakki, tez tibbiy yordamga qilingan har bir murojaat e’tiborsiz qolmaydi. Biroz kechikishlar bo‘lishiga qaramay Sizning murojaatingiz ro‘yxatga olingan vaqtdan boshlab nazoratda ekanligini unutmang!

Raqamlarga murojaat qilsak: joriy yil boshidan 5 iyul holatiga ko‘ra, viloyat tez tibbiy yordam xizmatiga kelib tushgan chaqiriqlar soni o‘rtacha kuniga 2400-2600 tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich oxirgi bir haftada o‘rtacha kuniga 3700-3900 taga yetdi. Shundan 800 ga yaqini koronavirus infeksiyasi hamda boshqa yuqumli kasalliklarga gumon qilingan bemorlarga yordam so‘rab tashkil etilmoqda.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.