Sall center: (66) 233 08 41 raqami tunu kun faoliyat yuritmoqda

Samarqand davlat tibbiyot institutida koronavirusning oldini olish bo‘yicha viloyat aholisiga tibbiy maslahat beruvchi Sall center faoliyat boshlaganiga bir oydan oshdi. Markaz faollarining aytishlaricha, joriy yilning 20 aprelidan buyon mingdan ziyod qo‘ng‘iroqlarni qabul qilgan.

-  Markazga har kuni o‘rtacha 30-40 ga yaqin qo‘ng‘iroq bo‘ladi, - deydi Sall center vakili Alisher Ahmedov. – Qo‘ng‘iroqlar turli yo‘nalishda, hatto ba’zida «Tez yordam» xizmatiga tusholmaganlar ham ushbu markazga qo‘ng‘iroq qilib,  yordam so‘raydi. Kezi kelganda institutimiz qoshidagi klinika bilan hamkorlikda bemorlarni shifoxonaga olib borishga ham to‘g‘ri keldi.

Aslida markazni tashkil etishdan maqsad aholiga tibbiy masalalar bo‘yicha tavsiyalar berish, murojaatchilarni to‘g‘ri yo‘naltirish, qo‘ng‘iroq qiluvchining murojaatiga qarab zarur tibbiyot muassasalar bilan bog‘lanish va tibbiy yordamga muhtoj kishilar o‘rtasida koordinatsiyani tashkil qilishdan iborat. Aholi ko‘proq koronavirus bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha savol yo‘llamoqda. Koronavirusga testni qayerda topshirsa bo‘ladi, koronavirus belgilari nimalarda ko‘rinadi, bemorni shifoxonaga olib borishda qanday yo‘l tutishimiz kerak, degan savollar ayniqsa, ko‘p. Shuningdek, javob berish bizning vakolatimizga kirmaydigan savollar ham tushmoqda. Markazda o‘n nafarga yaqin ko‘ngillilar kechayu kunduz navbatchilik asosida ishlaydi. Aytish kerakki, bu yerda mehnat qilayotgan barcha ko‘ngillilar o‘z ixtiyorlari bilan faoliyat olib borib, ularga maosh to‘lanmaydi.

Ushbu amaliyot ko‘ngilli talabalarga nima berayotganiga oid savollar bilan murojaat qildik.

- Kelgusida bemorni davolash bilan bog‘liq jarayonga ushbu amaliyotning foydasi tegmas, ammo odamlar bilan muloqot qilish, turli yo‘nalishdagi murojaatlarga javob berish kishiga mas’uliyat yuklaydi, - deydi SamDTI talabasi Munis Erkinov. – Aslida odamlar bilan muloqot qila bilish tajribasi ham shifokor uchun ahamiyatli. Kimgadir yordaming tegayotganini his qilish ham kishiga o‘zgacha bir kayfiyat bag‘ishlaydi. Garchi, hali ish faoliyatimni boshlamagan bo‘lsam-da, bu hisni tuyish kasbimga nisbatan yanada hurmatni oshiradi.

Darvoqe, Sall centerning (66 ) 233 08 41 raqamli telefoni uzluksiz ishlab turibdi. Tibbiy sohada savollaringiz bo‘lsa, marhamat, ko‘ngilli talabalar, ularning ustozlari xizmatingizga shay.

Gulruh MO‘MINOVA.