Samarqanddagi kurashda “NEXIA-3” yutib olgan kurashchi Tbilisida bronza medalini qo‘lga kiritdi
29-31 mart kunlari Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida dzyudo bo‘yicha an’anaviy “Gran-Pri” xalqaro turnirida 52 davlatning 371 nafar sportchilari orasida samarqandlik Muhammadkarim Xurramov munosib ishtirok etib bronza medalini qo‘lga kiritdi.
U musobaqaning so‘nggi kunida - 100 kilogramm vazn toifasida bahs olib bordi va birinchi davrada hindistonlik Avtar Singxni, ikkinchi bosqichda mo‘g‘ulistonlik Xangal Odbaatarni mag‘lubiyatga uchratib, chorak finalda gollandiyalik Mixael Korrelga yutqazib qo‘ydi.
Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda fransiyalik Kleman Delver va italiyalik Juliano Loporchioni mag‘lub etib, musobaqaning bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Muhammadkarim Xurramov joriy yilning 20 mart kuni Samarqand shahrida “Navro‘z” umumhalq bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan milliy kurash sport musobaqasida mutloq vazn toifasida bosh sovrin “NEXIA-3”ni qo‘lga kiritgandi.