Samarqanddagi mahalliy sanoat korxonalari qanday ishlayapti?
Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish siyosatining hozirgi bosqichi qanday kechyapti? Davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan va davlat byudjeti tomonidan moliyalashtirilib kelayotgan investitsion loyihalarda mahalliy mahsulotlar ulushi oshyaptimi?
Ushbu savollarga javob topish maqsadida viloyat hokimining o‘rinbosari A.Shukurov, viloyat hokimining yordamchisi N.Ibragimov boshchiligida viloyatdagi ijtimoiy ob’yektlarni qurish ishlariga mas’ul viloyat, tuman va shahar hokimliklari va tashkilotlari rahbarlari, yo‘l qurilishi va obodonchilik tashkilotlari hamda moliya idoralari rahbarlari mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “AZIA METALL PROF” qo‘shma korxonasida bo‘ldi. Bu yerda korxonadagi ishlab chiqarish sexlari va ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlari, sifati bilan tanishish maqsadida seminar uyushtirildi.
Bugungi kunda viloyatimizning eng yirik ish beruvchisi va eksportyorlaridan biriga aylangan “AZIA METALL PROF” qo‘shma korxonasi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining “Xishrav – 2” hududida, oldingi chiqindilar tashlab kelingan maydonda qad ko‘tardi. Korxona 2018 yildan boshlab har yili yangi investitsion loyihalarni ishga tushirdi va viloyatda yangi metallurgiya sanoatiga asos soldi. Xorijiy tadbirkorning mamlakatimizda olib borilayotgan tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, korxonalarning taraqqiyoti uchun sharoitlar yaratish, jamiyatda ishbilarmonlarning nufuzini oshirishga qaratilgan siyosatga, uning mahalliy hamkoriga ishonchi qisqa muddatda korxonani jadal rivojlanishga olib keldi.
- Bugungacha korxonada jami 577,6 mln. dollar investitsiyalar o‘zlashtirilib, uning 223,4 mln. dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri kelgan, - deydi viloyat hokimining yordamchisi Nozir Ibragimov. - Korxonada 13 turdagi metall quvurlar, 17 turdagi metall profillar, asosi pukakli, shisha va bazalt tolasidan bo‘lgan sendvich panellar, ruxlangan va turli ranglar bilan polimerlangan tunukalar, gipsokarton va boshqa pardozlash materiallari uchun metall profillar, qurilish simlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, jami 400,0 ming tonna metall mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari yaratilgan. Korxona ishlab chiqarish sexlarida 1000 dan ortiq ish o‘rinlari yaratilgan hamda yangi sexlarni qurish va qurilmalarni o‘rnatish jarayonlarida 500 dan ortiq xorijiy va mahalliy mutaxassislar va ishchilar mehnat qilmoqda.
Korxona rahbarlari va mutaxassislari tadbir ishtirokchilari savollariga javob berib, ularga korxona mahsulotlari va ularning bugungi kunda sotish narxlari haqida ma’lumotlar tarqatdi.
Shu kunning o‘zida qurilish kompleksi mutasaddi rahbarlari yana bir korxona – Jomboy tumanidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “SHELF VOSTOK” qo‘shma korxonasiga tashrif buyurib, bu yerda ham ishlab chiqarish jarayonlari va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishdi.
Xorijiy investorlar 2020 yilda o‘zlarining biznes g‘oyalari, texnika va texnologiyalarini kiritib, mahalliy tadbirkor bilan hamkorlikda ushbu korxonani tashkil etgan. Ularning sa’y-harakatlari tufayli umumiy qiymati 6,0 mln. dollar bo‘lgan investitsion loyiha amalga oshirilgan. Natijada yoqilg‘i quyish shoxobchalari uchun barcha turdagi jihozlar, yirik sig‘imdagi rezervuarlar hamda ko‘chma yoqilg‘i quyish shoxobchalarini ishlab chiqarish mahalliylashtirilib, sanoatda yangi yo‘nalishga asos solindi.
- Ushbu seminar va viloyatimizdagi salohiyatli ikki korxona faoliyati bilan tanishuv kelgusida viloyatda barcha investitsion dasturlar doirasidagi qurilish-montaj ishlarini tashkil etish uchun juda foydali bo‘ldi, - deydi N.Ibragimov. – Chunki qurilish korxonalari sifatli, arzon va ortiqcha texnika xarajatlarini talab qilmaydigan qurilish materiallari shu yerdan xarid qilishlari mumkin. Muhimi, byudjet mablag‘lari tejaladi va sarflanadigan pul, soliq tushumlari viloyatning o‘zida qoladi.