Samarqanddagi moddiy madaniy meros ob’yektlari qanday asralmoqda?

Foto: gazeta.uz

Samarqand viloyatida 1607 ta moddiy madaniy meros ob’yektlari ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 973 tasi arxeologiya, 562 tasi arxitektura ob’yektlari, 36 tasi monumental san’at asarlari, 34 tasi diqqatga sazovor joylarni tashkil etadi.

Ulardan 1011 tasi respublika, 596 tasi mahalliy ahamiyatdagi ob’yektlar hisoblanadi.

Arxitektura ob’yektlarining 72 tasi jome masjidi, 5 tasi cherkov sifatida foydalanilmoqda va moddiy madaniy meros ob’yektlarining 1386 tasi davlat, 221 tasi shaxsiy mulkdagi turar-joy binolari hisoblanadi.

Mazkur ob’yektlarni muhofaza qilish borasida joriy yilda bir qator amaliy ishlar bajarildi. Xususan, moddiy madaniy meros ob’yektlari (arxitektura yodgorliklari, monumental san’at yodgorliklari, diqqatga sazovor joylar) muhofazasi sohasida ro‘yxatga olingan 634 ta moddiy madaniy meros ob’yektlarning barchasi “Madaniy meros ob’yektlarining elektron portali”ga, 595 tasi “Davlat kadastri Yagona tizimi”ga kiritildi. 239 ta madaniy meros ob’yektlariga muhofaza belgilari, ommaviy tashrif buyuriladigan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk  ob’yektlarining 13 tasida WI-FI va QR-kodlar, 50 ta ob’yektda audiogidlar hamda sayyohlar va aholining kirishini elektron hisobga olish uchun 25 ta zamonaviy turniketlar o‘rnatilib, barcha moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlariga jamoatchi  inspektorlar biriktirildi.

Arxeologiya merosi ob’yektlari  muhofazasi sohasida 2 ta arxeologiya yodgorliklari topilganligi sababli ularni muhofaza qilish choralari  ko‘rildi. 5 ta arxeologik tadqiqotlar o‘tkazilishi natijasida topilgan 20 ta arxeologiya ashyolari Samarqand arxeologiya instituti hamda muzeylarga saqlash uchun topshirilishi bo‘yicha nazorat o‘rnatildi.

Shuningdek, 23 holatda madaniy meros ob’yektlarining qo‘riqlanadigan tegralarida noqonuniy qurilmalar va bino-inshootlar qurilganligi, ularning yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish holatlari mavjudligi aniqlanib, 3 nafar shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 64-moddasi bilan, 5 holatda Jinoyat kodeksining 132-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hudud Samarqand shahrini (YuNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan) muhofaza qilish sohasida amalga oshirilgan tadbirlar davomida 35 holatda alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarning qo‘riqlanadigan tegralarida Madaniy meros agentligi bilan kelishilmagan holda noqonuniy qurilishlar amalga oshirilganligi aniqlanib, 8 nafar shaxs rasman ogohlantirilgan va 27 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, amalga oshirilgan amaliy ishlar natijasida tarixiy qiymatga ega bo‘lgan 69 ta madaniy meros ob’yektlari aniqlanib, ularni Milliy ro‘yxatga kiritilishi nazoratga olingan.

Bundan tashqari, yoshlarni moddiy madaniy meros ob’yektlariga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni asrab-avaylash ruhida tarbiyalash maqsadida yoshlar ishtirokida Samarqand tumanida joylashgan “Qofir qal’a” arxeologik madaniy meros ob’yektida “Madaniy meros - Men” xeshtegi ostida aksiya o‘tkazilib, aholi o‘rtasida keng targ‘ibot ishlari olib borildi va bu kabi aksiya davomiyligini ta’minlash maqsadida 2022 yil uchun mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Qayd etilgan ob’yektlarning bugungi kundagi ahvolini o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha barcha mas’ul idoralar bilan kelishilgan holda viloyat prokuraturasi hamda viloyat hokimligi tomonidan qo‘shma farmoyish qabul qilindi.

Uchqun Butunov,

viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i.