Samarqanddagi sport-ta’lim muassasalarida yangi yo‘nalishlar ochildi

Bugungi kunda viloyatda 30 ta sport-ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda.

Jumladan, Samarqand olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi, Toyloq yakkakurash va suv sport turlariga tayyorlash olimpiya markazi, sportning eshkak eshish turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari respublika bolalar-o‘smirlar sport maktabi, 4 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabi, 21 ta sport maktabi hamda 1 ta futbol mahorat maktabi (akademiya)si, “Dinamo” PFK futbol maktabi mavjud.

Viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi sport ta’lim muassasalari bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassisi Bahodir Berdiqulovning ma’lum qilishicha,  2022-2023 o‘quv yilida viloyatdagi sport-ta’lim muassasalarida o‘nga yaqin yangi yo‘nalishlar ochilgan. Bular - sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabida chim ustida xokkey, shaybali xokkey, yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida kamondan otish, Samarqand shahar 1-son sport maktabida chim ustida xokkey, basketbol, Samarqand tumani 1-son sport maktabida qilichbozlik, kamondan otish, chim ustida xokkey, Payariq tumani 2-son sport maktabida regbi hamda Urgut tumani 1-son sport maktabida qoyani zabt etish bo‘limlaridan iborat.

Shuningdek, paralimpiya sport turlari bo‘yicha suv sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida parasuzish, Samarqand shahar 1-son sport maktabida paraqilichbozlik, Samarqand shahar 2-son sport maktabida parayengil atletika, Kattaqo‘rg‘on shahar sport maktabida parashaxmat, Bulung‘ur sport maktabida parataekvondo, Jomboy tumani sport maktabida paradzyudo, parastol tennisi, parayengil atletika, Past Darg‘om tumani 1-son sport maktabida parabadminton, Paxtachi tumani sport maktabida parayengil atletika, parataekvondo, Samarqand tumani 2-son sport maktabida paradzyudo, Toyloq tumani sport maktabida parayengil atletika, Payariq tumanidagi 1- va 2-son sport maktablarida parataekvondo,  paravelosport, paraqilichbozlik yo‘nalishlari ochilgan.

Yangi tashkil etilgan bo‘limlarda sportchilarning shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan va sport maktablarida xotin-qizlar uchun alohida fitnes-klublar hamda sport maktablarida ayollar sog‘lomlashtirish guruhlari faoliyat ko‘rsatmoqda.