Samarqanddan sport xabarlari

Gandbol
Samarqand shahrida gandbol bo‘yicha 2008-2009 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida O‘zbekiston gandbol federatsiyasi sovrini uchun ochiq turnir o‘tkazildi.

Unda viloyatimizning o‘g‘il bolalar jamoasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinni Andijon va Namangan viloyati yoshlari egalladi. Qizlar bellashuvida xorazmliklarga teng keladigani topilmadi. Ikkinchi o‘rin samarqandliklar va uchinchi o‘rin namanganlik sportchilarga nasib etdi.
Musobaqa ishtirokchilari orasidan eng kuchlilari 2025 yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan IV yoshlar yozgi Osiyo o‘yinlariga saralab olindi.

Shaxmat
Samarqand shahrida viloyat prokuraturasi xodimlari o‘rtasida viloyat shaxmat federatsiyasi murabbiylari hakamligida shaxmat bo‘yicha “Viloyat prokurori” kubogi o‘tkazildi.

Aql charxida 7 tur natijasi bo‘yicha viloyat prokurorining katta yordamchisi A.Vahobov birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Prokuratura bo‘lim katta prokurorlari A.Shamsiqulov ikkinchi, S.Yusupov uchinchi o‘rinni egalladi.

Futbol
Bolalar futbolini rivojlantirish maqsadida “Dinamo” stadionida “Ommaviy futbol kuni”ga bag‘ishlab futbol festivali tashkil etildi.
Bayramona ruhda o‘tgan festivalda viloyatimizning barcha hududlaridan kelgan 100 nafar futbolga qiziquvchi o‘smir o‘g‘il-qizlar o‘zaro maydonda to‘p bilan mashq qilishdi.

Taekvon-do VTF
Samarqand shahrida taekvon-do VTF bo‘yicha 2004-2009 yillarda tug‘ilgan bolalar o‘rtasida “Maroqand-2021” ochiq turniri bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyatimiz sportchilaridan tashqari, Toshkent, Navoiy, Surxondaryo viloyatidan, Toshkent shahridan va Qozog‘iston hamda Qirg‘iz respublikalaridan 200 nafarga yaqin taekvondochilar o‘zaro bahs olib bordi.
Yakunda umumjamoa hisobida samarqandliklarning qo‘li baland keldi. Ikkinchi o‘ringa Toshkent shahri yoshlari ega chiqdi. Qozog‘istonliklarga uchinchi o‘rin nasib etdi.

Taekvon-do ITF
Samarqand shahrida taekvon-do ITF bo‘yicha viloyat ochiq chempionati o‘tkazildi.
Unda viloyatning barcha shahar tumanlaridan 120 ga yaqin 6-17 yoshgacha o‘g‘il bolalar va qizlar bellashdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida Urgut tumanidan kelgan sportchilar birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Toyloq tumani hamda Samarqand shahri taekvondochilari ikkinchi va uchinchi o‘rinni egalladi.

Sadriddin Muhammadiyev.