Samarqandga 50 ta zamonaviy paxta terish mashinasi keltirildi

Joriy yilda viloyatimiz paxtakorlari 60 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarishlab, 261 ming tonnadan ortiq sifatli xom ashyo yig‘ishtirib olishni rejalashtirgan.

Davlatimiz rahbarining shu yil 19 fevralda qabul qilingan “2025 yil hosili paxta xomashyosini mashinalarda terib olishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan bu yil viloyatda yetishtirilgan hosilni terim mashinalar yordamida yig‘ishtirib olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur qaror asosida Jahon banki hamda “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Samarqanddagi klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklariga yuqori unumli 50 ta zamonaviy paxta terish mashinalari ajratildi. Bu mashinalarni lizing shartlari asosida xarid qilish uchun 36 millirad so‘m pul mablag‘i bo‘nak sifatida to‘lab berildi.

Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan “Boshiran 7419” rusumli mazkur mashinalar to‘rt qatorli bo‘lib, mutaxassislarning qayd etishicha, bir kunda o‘rtacha 50 tonna paxta hosilini terish quvvatiga ega. E’tiborlisi, mashinalar yurtimizdagi klaster korxonalari va fermerlarning fikrlari, paxta hosili yetishtirish agrotexnikasi bo‘yicha talablari inobatga olingan holda ishlab chiqarilgan. Chunki, avvalgi yillarda ushbu rusumdagi paxta terish mashinalari mamlakatimiz dalalarida sinovdan o‘tkazilgan.

Yangi terim mashinalarini klaster va fermerlarga topshirish munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat qishloq xo‘jaligi sohasi masu’llari bu yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan vazifalarni belgilab berdi.