Samarqandga xush kelibsiz!

Sharq gavhari, qadimiy va hamisha navqiron, yer yuzining sayqali bo‘lgan Samarqand bugun yana dunyo nigohida. 

Shahrimiz sayyoramizning eng nufuzli, obro‘li xalqaro tuzilmalaridan biri – Shanxay hamkorlik tashkilotining 22 sammitiga mezbonlik qilmoqda.

Sammitda 15 davlat yetakchisi, o‘ndan ortiq xalqaro tashkilotlar vakillari, dunyoning ko‘zga ko‘ringan ekspert va tahlilchilari, siyosatshunoslar ishtirok etishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari taklifiga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi va Eron Islom Respublikasi Prezidenti sammitda ishtirok etish bilan birga yurtimizga davlat tashrifini amalga oshiradi.

Tadbir doirasida davlat rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvlari o‘tkaziladi.

Milliy davlatchiligimiz tarixida muhim o‘rin tutadigan va bugun xalqaro muloqot maydoniga aylanib borayotgan Samarqanda ilk bor bunday keng ko‘lamdagi, yirik xalqaro tadbirning o‘tkazilayotgani, albatta, butun viloyatimiz ahli uchun cheksiz faxr va iftixordir.

Mazkur sammitga tayyorgarlik kecha yoki bugun emas, Prezidentimiz tomonidan ShHTning 2022 yildagi sammitini Samarqandda o‘tkazish tashabbusi ilgari surilganidan boshlangandi. Buning uchun Samarqand shahrining infratuzilmasi to‘liq yangilandi, yangi yo‘l va ko‘priklar, xiyobonlar qurildi. Rudakiy, Ibn Sino, Bo‘stonsaroy, Afrosiyob, Shohi Zinda, Sadriddin Ayniy, Registon, Panjikent, Firdavsiy, Dahbed kabi o‘ndan ortiq ko‘chalar rekonstruksiya qilindi. Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasi tubdan qayta qurildi. Bu ko‘chalar atrofidagi turar joy va boshqa ob’yektlar ham milliy va zamonaviy arxitektura uyg‘unligida yangidan bunyod etildi. Samarqand xalqaro aeroportining o‘ziga xos ko‘rinishdagi zamonaviy yangi terminali qurildi.

Prezidentimiz g‘oyasi va tashabbusi bilan 250 gektardan ortiq ochiq maydonda, eshkak eshish kanali atrofida keyingi yillar davomida qurilgan “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining yorqin ifodasi bo‘ldi. Nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyoda tengi yo‘q, deb e’tirof etilgan bu majmuada jahon standartlariga mos mehmonxonalar va kongress markazi, xalqimiz tarixi, madaniyati, an’ana va qadriyatlarini namoyon etuvchi “Boqiy shahar” majmuasi va yana ko‘plab boshqa inshootlar bugun Samarqandning ko‘rkiga aylandi. Ayni paytda esa buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq me’moriy majmua ulug‘ zotning Islom olamida tutgan mavqei va salohiyatiga mos tarzda qaytadan bunyod etilmoqda.

Bu inshootlar, maydon va xiyobonlarda, ko‘chalar atrofida millionlab noyob daraxt va butalar, gullar ekildiki buning natijasida bugun Samarqand har qachongidan ko‘rkam qiyofaga kirdi.

Ushbu bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlarida nafaqat samarqandlik, balki yurtimizning turli hududlaridan quruvchi va muhandislar, loyihachilar, arxitektor va mutaxassislar, hunarmand va ustalar, bog‘bonlar ishtirok etdi. Fursatdan foydalanib, qurilish-obodonlashtirish ishlari boshida turgan vazirlik va idoralar rahbarlariga, fidoyi yurtdoshlarimiz va xorijlik hamkorlarimizga minnatdorlik bildiramiz.

Ayni paytda ShHT sammitini yuksak saviyada o‘tkazish uchun Samarqandga kelib, bizga yaqindan ko‘mak berayotgan turli sohalar mas’ullari va xodimlariga ham rahmat aytamiz!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ShHT sammiti oldidan matbuotda e’lon qilingan maqolasida azal-azaldan Samarqand turli g‘oya va bilimlar “qaynagan” makon bo‘lib, bu maskanda insoniyatning tinch va farovon yashash, o‘z kuch va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, baxtli hayot kechirish kabi mushtarak maqsadlari mujassam bo‘lgani alohida qayd etildi.

“Bu tabarruk zaminda yashaydigan har bir odam, yaxshi qo‘shni – bu Xudo insonga ato etgan baxtning bir bo‘lagi ekanini, tinch-totuv qo‘shnichilik esa barakot manbai ekanini chuqur anglagan, deb yozadi davlatimiz rahbari. Zero, hamkorlik, savdo, ijod, ilm-fan va san’at, insoniy g‘oyalar ustuvor bo‘lgan joyda ezguliklar ko‘payadi, xalqlar farovon va o‘zaro ahil yashaydi. Bugun zamonaviy va jadal rivojlanayotgan infratuzilmalarga ega bo‘lgan Samarqandning bunday noyob jihatlari uni mintaqaviy va global xatarlarni birgalikda muhokama qilish, bu borada zarur yechimlarni izlab topish uchun eng qulay va maqbul maydonga aylantirmoqda.”

Aziz samarqandliklar! Davlatimiz rahbarining ishonchiga munosib bo‘lib, xalqimizga xos mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik fazilatlarini, Samarqandning go‘zal va obodligini namoyon etib, sammit tadbirlarini yuksak saviyada o‘tkazish barchamiz uchun sharaf va ulkan mas’uliyat ekanligini unutmaylik!

Samarqandga xush kelibsiz, aziz mehmonlar!


Erkinjon Turdimov,
Samarqand viloyati hokimi