Samarqandlik 7 kishi afv etildi
Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 28 yillik bayrami arafasida Prezidentimiz tomonidan "Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bulgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmon imzolandi. Bu esa ko‘plab oilalarga quvonch, shodlik va umid olib kirdi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir qilgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh fuqarolar afv etildi. Afv qilingan shaxslar orasida viloyatimizdan 7 nafar fuqaro bor. Ularning 5 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilindi, 2 nafarining ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo muddati boshqa turdagi jazo choralari bilan almashtirildi.
- Yigirma yetti yoshga kirdim, - deydi Nurobod tumanining Sho‘rcha qishlog‘ida yashovchi Shohruh Qo‘chqorov. - Dinni niqob qilib olgan kimsalarning aldoviga uchib, ularning tuzog‘iga tushib qoldim. Oqibatda 7 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etildim. Jazoni o‘tash muassasasida ozodlik, huzur-halovat eng oliy ne’mat ekanligiga amin bo‘ldim. Bugun esa davlatimiz rahbarining farmoniga asosan muddatidan oldin ozodlikka chiqdim. Buning uchun Prezidentimizdan behad minnatdorman. Har bir ota-ona o‘z farzandi doim yonida, bag‘rida bo‘lishini istaydi. Bugun 4 yil mening yo‘limga ko‘z tikib, kunni tunga ulab yashagan onaizorimning bag‘ridaman.
Jazoni o‘tash muassasasidan kelgan fuqarolar shunchaki ozodlikka chiqarib yuborilgani yo‘q. Ularning munosib ish bilan ta’minlanishi, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari uchun alohida tadbirlar rejalashtirilgan. Jamiyatda munosib o‘rnini topishi uchun ularga har tomonlama yordam ko‘rsatilmoqda.