Samarqandlik ayolni rishtonlik retsidivist “chuv” tushirdi

O‘g‘ri plastik kartadan yechilgan 12 million so‘mdan ko‘proq pul uchun 5 yildan ko‘proq panjara ortida o‘tiradigan bo‘ldi.

Sahobiddin Odilov (ism, familiyalar shartli) hali 20 yoshga ham to‘lmagan. Asli Rishton tumanida tug‘ilgan bu yigitcha 18 yoshidayoq sudlangan. Unga 2018 yilda 169-moddasi (o‘g‘irlik) 2-qismi “g” (uy-joy, omborxona yoki boshqa xonaga g‘ayriqonuniy ravishda kirib sodir etilgan) bandi bilan ish haqining 20 foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Keyinroq jazo shartligi almashtirilib, 1 yil sinov muddati belgilangan.

Biroq uch jazo muddati tugamasidan yana o‘g‘irlik qildi. Faqat bu safar qing‘irlikni Samarqandda amalga oshirdi.

S.Odilov sudda bergan ko‘rsatmasida Rosif Federatsiyasi Sverdlovskiy shahrida ishlayotgan otasi uyga qaytib kelgach u bilan janjallashib qolganligini bayon qilgan. Shundan so‘ng u ishga deb uydan chiqib ketib, to‘g‘ri Toshkent shahriga borgan. Poytaxtdan so‘ng Namangan va Andijonda bir muddat bo‘lgan yigitcha Samarqand shahriga kelgan.

Avval ham Samarqand shahrida bo‘lgan S.Odilov mehmonxonalardan biriga joylashgan. Odatiy kunlarning birida Amir Temur maqbarasi yonida ikki ayol bilan o‘zaro suhbatlashib, Rishton tumanida kulollik buyumlari ishlab chiqaruvchi sexi borligi, bu yerga mahsulotlarni sotish uchun kelganligini aytib ularning ishonchiga kiradi. “Savdogar” mehmonga ishongan onaxonlardan biri uni uyiga mehmonga taklif qiladi.

Cho‘ntagida puli tugagat S.Odilov uchun bu ayni muddao edi. Negaki, u mehmonxona xarajatlarini to‘lash uchun bosh qotirishi shart emas. Shu o‘y bilan u Zahro opanikida mehmon bo‘ladi. Uning oila a’zolarini ham o‘zini “boyvachcha” kulol ekanligiga ishontirib, hovliga o‘rnashib oladi. Kulolning buyumlari Farg‘onadan yetib kelmayotganligidan shubhalanib boshlagan xonadon sohiblari navbatdagi hangomaga duch kelishadi. S.Odilovni “Siyob” dehqon bozorida uchratib qolgan mehmonxona ish boshqaruvchisi uni kuzatib kelib, o‘n kunlik mehmonxona xarajatlarini to‘lab qo‘yishini talab qiladi. Vaziyatdan ustamonlik bilan foydalangan S.Odilov qarzlarini to‘lab turishni Zahro opadan iltimos qiladi. Qariyb ikki-uch million to‘lov qilgan Onaxon har kuni kuloldan “yuk”lari qachon kelishini so‘rab, qarzni eslata boshladi.

S.Odilov yuklar to‘g‘risida “churq” etmasa-da plastik kartasiga yaqin kunlarda 35 million tushishini bildirishdan charchamasdi. Zahro opaning nabirasi bilan yaqin oradagi bankomatdan plastigini tekshirtirib kelib, unda 350 so‘m borligi ko‘rsatilgan chekka ishora qilib, “nimagadir plastigim bankomatga tushmayabdi. Qarang qolgan nollar ko‘rinmayapti”, derdi. Bunga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmay, turgan Zahro opa ko‘p o‘tmay, qarzlari qaytarilgach, shubhalaridan o‘zi uyalib ketdi. Ammo u bu pullar qayerdan kelganini bilganida esa bir mushtipar “chuv” tushib bo‘lgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, odatdagi tarzda bankomatga kelga S.Odilovdan bir onaxon aynan uning plastik kartasiga o‘xshash kartani uzatib, 500 ming so‘m naqd pul yechib berishni so‘raydi. Bu esa Sahobiddinga rosa qo‘l keladi. Naqd pulni kassadan olgan S.Odilov onaxonga o‘zining plastik kartasini tutqazgan. Juma kuni qo‘lga kiritilgan kartada 13 million so‘mga yaqin pul to‘plangan ekan. U bu pullarni dushanbaga ham qoldirmadi.

Ammo huquq-tartibot xodimlari ham uni ko‘p kuttirmadi.

Sudlanuvchi Sahobiddin Odilovga nisbatan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashlik belgilandi.

Abduhakim OLTIBOYeV,

jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudyasi.