Samarqandlik fidoyilar taqdirlandi
Viloyat hokimligida Prezidentimizning tegishli farmonlariga ko‘ra, Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi arafasida davlat mukofotlari bilan taqdirlangan bir guruh yurtdoshlarimizga ushbu mukofotlarni topshirish marosimi o‘tkazildi.
– Davlat mukofotiga sazovor bo‘lish, bu – davlat rahbarining e’tirofi, juda katta faxr, – dedi viloyat hokimi E.Turdimov marosim avvalida. – Chunki, har bir inson o‘z hayoti davomida zimmasidagi vazifani sharaf bilan, vijdonan bajarish jarayonida buning uchun elning, rahbariyatning nazariga tushadi, olqish, duo oladi. Zahmatli mehnatlar yurt sarboni tomonidan e’tirof etilib, davlat mukofotiga loyiq ko‘rilsa, kuchiga-kuch, g‘ayratiga-g‘ayrat qo‘shiladi. Qolaversa, bu boshqalarni ham faollikka chorlaydi. Bugun sizlar ana shunday sharafga munosib ko‘rilgan, Samarqandning eng faol, fidoyi, jonkuyar insonlarisiz. Barchamiz sizlar bilan faxrlanamiz, ibratli faoliyatingiz, hayot yo‘lingizni boshqalarga ibrat qilib ko‘rsatamiz.
Bu yil viloyatimizdan o‘z sohasining fidoyisi bo‘lgan usta-hunarmandlar, nuroniylar, tajribali rahbarlar, ta’lim, tibbiyot sohalari va mahalla tizimi xodimlari, tadbirkorlar, tomorqachilar, kommunal xo‘jalik vakillari, huquq-tartibot idoralari xodimlari – yigirma nafarga yaqin insonlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Marosimda davlat mukofotlarini Prezident nomidan viloyat hokimi E.Turdimov topshirdi.
Tadbirda mukofotlanganlar so‘zga chiqib, e’tirofdan minnatdorliklarini bildirdilar.
– Mahalla tizimida ishlab, doim odamlar orasida bo‘lganimiz uchun hech ikkilanmay ayta olamanki chindan ham inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda yashayapmiz, – deydi Oqdaryo tumanidagi “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Matluba Eshmurodova. – Aholining hech bir qatlami, ayniqsa, ijtimoiy ko‘makka muhtoj kishilar, xotin-qizlar davlat e’tiboridan chetda qolayotgan emas. Har bir kishiga munosib turmush sharoiti yaratish, o‘qishi, ishlashi, oila tebratishi uchun sharoit yaratib berilmoqda. Davlatimizning ana shu insonparvar siyosatini eng quyi tizim bo‘lgan mahallada amalga oshirishga hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman. Kamtarona mehnatlarim yuksak baholanib, davlat mukofotiga loyiq ko‘rilganidan esa boshim ko‘kka yetdi.
Marosimdan so‘ng tadbir qatnashchilari uchun bayram dasturxoni yozildi.