Samarqandlik ikki nafar olim Turkiyada medal bilan taqdirlandi

Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov boshchiligidagi delegatsiya Turkiya Respublikasiga tashrifi doirasida Turk davlatlari tashkilotining madaniyat, san’at, ta’lim masalalari bilan shug‘ullanuvchi - TurkSOYning Istanbuldagi qarorgohida bo‘ldi.
Bu yerda tashkil etilgan marosimda rektor Rustam Xolmurodov hamda filologiya fakulteti dekani, turkolog-olim Jo‘liboy Eltazarovga ushbu obro‘li xalqaro tashkilot tarafidan ta’sis etilgan Turk dunyosining madaniy va ta’limiy taraqqiyoti borasidagi buyuk xizmatlari uchun beriluvchi oltin medal topshrildi.
TurkSOY bosh kotibi o‘rinbosari Yerjan Vais marosimda so‘zlagan nutqida professor Rustam Xolmurodov Turk Dunyosi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdagi xizmatlari, professor Jo‘liboy Eltazarov Turkologiyaga oid tadqiqotlarda erishgan alohida yutuqlari uchun ushbu yuksak mukofotga loyiq ko‘rilganini ta’kidladi.
Marosim so‘ngida Turk Dunyosidagi OTMlar o‘rtasida ta’lim va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr almashuvlari bo‘lib o‘tdi, deya xabar beradi universitet axborot xizmati.