Samarqandlik san’atkor Darvin Amanullayevni bilasizmi?

Yurtimizda musiqa ilmini rivojlantirishga hissa qo‘shgan, notalar ustida ish olib borgan, bolalar musiqasini sayqallashtirgan olim Darvin Amanullayev asli samarqandlik ekanini bilasizmi? U 1938 yili Ravonak qishlog‘ida o‘qituvchi oilasida tavallud topgan.

Yoshligidan musiqani, she’riyatni, san’atni  sevib, professional dirijyor, kompozitor, musiqa olimi bo‘lishni va konservatoriyada o‘qishni orzu qilardi. Orzular ro‘yobi uni ulkan marralarni zabt etishga undadi.

Darvin Amanullayev 1957 yilda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi qoshidagi xor jamoasida solist sifatida ishladi. 1958-1961 yillarda M.Ashrafiy nomidagi Toshkent davlat konservatoriyasining tayyorlov kursida “opera xonandaligi” yo‘nalishida atoqli ustoz David Mulloqandov hamda professor Georgiy Semyonovich Izraelyan sinflarida tahsil olib, konservatoriyani opera xonandasi va vokal o‘qituvchisi sifatida ta’lim dargohini muvaffaqiyatli bitirdi.

Darvin Amanullayev musiqani shu qadar sevardiki, doim izlanishdan charchamasdi. Konservatoriyada o‘qish bilan birga musiqa ilmini chuqur o‘rganib, turkum maqolalar chop ettirdi. Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarning musiqiy estetik tarbiyasiga oid ilmiy tadqiqotlar ustida ishladi. Ko‘plab xalqaro va Respublika ilmiy anjumanlarida maqolalari bilan qatnashib, faollik ko‘rsatdi.

Tajribali, yetuk mutaxassis Darvin Amanullayev boshchiligida yaratilgan o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, o‘quv dasturlar bilan hanuz pedagogik oliy va o‘rta bilim yurtlarida foydalanib kelinmoqda. Ayniqsa, “Nota bilan kuylaymiz” deb nomlangan umumiy ta’lim hamda bolalar musiqa maktablari o‘quvchilari uchun yaratilgan o‘quv qo‘llanmasi ko‘plab tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni egallagan.

 U ilmga chanqoq yoshlarga, yosh pedagog va olimlarga qo‘lidan kelgan yordamini ayamagan. Uning shogirdlari Respublika o‘quv yurtlarida va ilmiy-tadqiqot institutlarida  D.Amanullayev sistemasi bo‘yicha faollik ko‘rsatmoqda, bir nechtasi pedagogika fan nomzodlari, dotsent unvonlariga sazovor bo‘lgan.

D.Amanullayev g‘oyatda bolajon inson edi. Uning bolalarga bo‘lgan mehr-muhabbati “Childirma chalay”, “Binafsha”, “Boychechak”, “Maktab pianinosi” kabi qo‘shiqlariga jo bo‘ldi. Bugun bu o‘lmas musiqiy kompoziyasilar bolalar xor jamoalarida sevib ijro etilmoqda.

Darvin Amanullayevning yoshligidagi orzularining bir qismiga - o‘zining mehnatsevarligi va intilish-izlanishlari orqali erishdi. Qolganlari farzandlari, nevaralari ijodida bo‘y ko‘rsatmoqda.

Olimning kompozitor bo‘lish orzusini - katta qizi, mashhur kompozitor, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, hozirda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi “Estrada xonandaligi” kafedrasi mudiri, professor Dilorom Amanullayeva ro‘yobga chiqardi.

Uning bisotidagi uchta simfoniya (ulardan bittasi xor uchun), ikkita vokal-simfonik qasidasi, fortepiano va orkestr uchun konsert, turli cholg‘ular uchun kamer asarlar (jumladan, kvartetlar va keng tarqalgan fortepiano uchun “Samarqand manzaralari” turkumi) O‘zbekiston musiqachilar va jamoalarining konsert repertuarlaridan mustahkam o‘rin egallagan. Uning ijodiy izlanishlari natijasida o‘zbek estrada musiqasida madhiya, estrada romanslari, estrada va jaz vokalizlari, ballada, jaz qo‘shiqlari kabi qator yangi janr turlari vujudga keldi. Dirijyor bo‘lish orzusini esa – kichik qizi Dilrabo Amanullayeva - Xalqaro xor dirijyorlar tanlovi laureati, Turkiyaning davlat Anqara universiteti qoshidagi konservatoriyasida xor jamoasi dirijyori sifatida qondirdi. Nevarasi Laylo Rixsiyeva esa 9 yoshidan boshlab V.A.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi o‘quvchisi sifatida bir nechta Xalqaro pianinochilar tanlovida Fransiya, Italiya, Chexiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda muvaffaqiyatli qatnashdi.

Darvin Amanullayevning iste’dod va yuksak salohiyati, musiqiy bilimi bugun uning farzandlari va shogirdlari kamolida bo‘y ko‘rsatayotgani quvonarlidir.

Tohir HAMIDOV.