Samarqandlik sapyor: «Qo‘rquv haqida o‘ylashga vaqt bo‘lmasdi!»
✅ «Musaffo osmonimiz borku!». Bu gap keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda salbiy bo‘yoqda ishlatiladigan, kinoya, kesatiq, piching bilan aytiladigan bo‘ldi. Ozgina bo‘lsa-da, shukronalik mazmunidagi fikrlarga nisbatan «musaffo osmoningdan bo‘lak nimang bor!» deya kesatadiganlar ko‘paydi…
✅ Musaffo osmon… Uning mavjudligi pichingmi?! Undan bahramand ekanimiz aybmi? Uni ta’kidlash kulgilimi? Bilmadim… bilganim shuki, quyidagi qahramonimiz o‘zini portlatib, suyak va etlari turli tomonga sochilib ketgan yoshgina yigitdan chiqqan tutunni ko‘rganda musaffo osmondan ulug‘ ne’mat yo‘qligini anglagan…
✅ Har qadamda xavf, bir qadam bossang, portlab ketish ehtimoli bor yerlarda oyoqlari qavarib, portlovchi moddani izlab yurganda musaffo osmonning qadrini chuqurroq his qilgan.
Tug‘ma ovchi
Tog‘u dashtda o‘sgan bu inson yoshligidan nishonga bexato urishni uddalardi. Ha, gap faqat quroldan to‘g‘ri foydalanish haqida emas. Maqsadni to‘g‘ri qo‘yish, ishining ko‘zini bilish, so‘zlash, xatti-harakatda ham ortiqchalik yo‘q edi.
- Nurota tog‘lari, Qo‘shrabot dalalarida o‘sgan bolalik paytimdagi tabiatga qiziqishim haliyam bor, - deydi Qodir Ergashev. – Bolalagimdan hamma oyoq bosib, yo‘lakchalar hosil bo‘lgan tog‘ yo‘llaridan emas, balki ko‘pchilik o‘tishga qo‘rqadigan, xalq orasida turli qo‘rqinchli mish-mishlar tarqalgan daralar oralab yurishni yoqtirardim. O‘sha yerlarda hayvonlarning harakatini kuzatishdan,o‘tish qiyin bo‘lgan yo‘llarni oralashdan zavq tuyardim. To‘qqizinchi sinflarda o‘qirdim, adashmasam. Bir necha yuz metr balandlikda uchib o‘tayotgan yovvoyi g‘ozni otib, tushirganim esimda. Otam ovchilik qilardi, men ham doim birga chiqishga harakat qilardim, tabiatning ulug‘vorligi, jonzotlarning abjirligi, shamolning yoqimli shirillashi hammasi o‘zgacha zavq berardi. Otamdan menga ham ovchilik xislatlari o‘tgandi.
Maktabni tugatib, armiyada xizmat qildim. Olis Qozon shahrida armiya xizmatini tugatishim arafasida istagan oliy ta’limni tanlash va unga imtiyozli tarzda o‘qishga kirish imkoni berildi. O‘shanda hech ikkilanmay Toshkent davlat texnika universitetining tog‘-kon metallurgiya fakultetini (tog‘ bilan bog‘liq bo‘lgani uchun) tanlagandim. Bu ta’lim dargohini tugatgach, “Samarqandmarmar” korxonasida muhandis-texnolog vazifasida ish boshladim. Korxonada ishlab yurarkanman, uni nazorat qiladigan G‘arbiy O‘zbekiston tog‘-kon texnika nazorati inspeksiyasi rahbari Nikolay Ten nazariga tushdim. Darhol meni o‘z tashkilotiga ishga taklif qilib, birmuncha vaqt birga astoydil mehnat qildim.
Oradan ikki-uch yil o‘tmay, Nikolay Vissarionovich meni qabuliga taklif qilib, "Seni bir ishga tavsiya qildim, meni uyaltirmaysan, senga ishonaman", deb oq yo‘l tiladi. Nima gapligini bilmayman, xabarim yo‘q, o‘sha kunning o‘zidayoq ichki ishlar vazirligiga suhbatga chaqirildim. Keyin bilsam, o‘sha yillari ichki ishlar tizimida «Portlovchi moddalarni qidirib topish, zararsizlantirish va yo‘q qilish bo‘yicha maxsus guruh» tashkil etilgan ekan. Bu 1998 yillarda bo‘lib, shu yillari yurtimizda terrorchilik harakatlari ko‘rina boshlagan, davlatimiz rahbari tegishli mutasaddilarning takliflarini inobatga olgan holda ichki ishlar tizimida shunday bo‘limlar ochilishiga ruxsat bergan ekan. Shu tariqa Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi va ichki ishlar vazirligi rahbariyati suhbatidan o‘tdim va maxsus guruh jamoasi bilan ish boshladik.
Tog‘-kon tizimidan ichki ishlar sohasiga
O‘sha paytlar Andijon, Toshkent voqealaridan keyin respublikada vaziyat notinch bo‘lib qolgan, turli tomonlardan xavf kelishi holatlari kuzatilayotgan, har qadamda sergaklik kerak paytlar edi. Esimda, guruh yangi tashkil etilgani tufayli hali yetarlicha jihozlarga ega emasdik, himoya kiyimlarimiz ham faqatgina bronejiletdan iborat edi. Tundami, tong saharmi, doim ogoh bo‘lishimiz lozim. Hozir, nafaqada paytim bu haqda o‘ylab hayron qolaman. Odamlar hayotiga mas’ullik kishiga kuch berarkanmi, necha kunlar uxlamagan kunlarimiz bo‘lardi. Deraza raxlarida mizg‘ib olardik, kezi kelganda. Yarim tun, horib uyingga qaytayotgan payting bitta qo‘ng‘iroq bo‘ladi va hech og‘rinmay yana tezkor borish lozim bo‘lgan maskanga qarab yugurasan. Eng muhimi, buni burching va mas’uliyating deb bilarkansan.
Hech esimdan chiqmaydi, bir chaqiruv bo‘lgandi – o‘zini portlatish holati. Yoshgina yigit ekan, suyaklar har tomonga sochilib ketgan, atrofdan kelayotgan kuyuk hidi odamning nafratini keltiradi. Tinchlikka rahna solayotganlar, urush istayotganlar, yosh yigitlarning ongini zaharlayotganlarga nisbatan ko‘ngilda o‘chmas g‘azab paydo qiladi.
Alohida ta’kidlashni istardimki, ichki ishlar tizimining bir tanu bir jon bo‘lib mehnat qilishi, aholining, keng jamoatchilikning ehtiyotkorligi, ogohligi ish faoliyatimizning samarasini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etardi. Sababi, aholi tomonidan ham xavfsizlikni o‘z vaqtida sezib, tizimga murojaat hollari ko‘p bo‘lardi.
Sapyor bir marta adashadi
- Shundaymi?
- Albatta, adashishga haqqi yo‘q uning.
- Nahotki chaqiruvlarga borayotgan paytingiz biror marta qo‘rquv bo‘lmagan sizda?
- To‘g‘risi, qo‘rquvni o‘ylashga vaqt bo‘lmasdi.
- Umuman, qo‘rquvni his qilganmisiz? Hech narsadan qo‘rqmaysizmi?
- Aytganimday, tog‘li qishloqda o‘sganim uchunmi, jismoniy qo‘rquvni hech qachon his qilmaganman.
- Yolg‘on chaqiruvlar ham bo‘larmidi?
- Ha, ayniqsa yangi yil bayramlari arafasida. Bir marta hech esimdan chiqmaydi. Odatda portlovchi moddalarni aniqlashga o‘rgatilgan itlar bizning asosiy yordamchimiz bo‘lardi. O‘sha safar itimiz markaziy do‘kon (ya’ni, GUM) yonida o‘rnatilgan archa yonidagi qutida shunday modda borligini bildirdi. Qutini qo‘limga oldim. Ichki sezgim bilan unda bunday modda yo‘qligini his qildim. Qo‘llarimda o‘zim sezadigan holatda uni qimirlatib ko‘rdim va birdan odamlarni, hududni va bizni qo‘riqlayotgan xodimlarga «xavfsiz» ishorasini berdim.
- Faqat sezgingizga ishonib-a?
- Deyarli shunday. Ular aldamagan hech qachon.
- Eng og‘ir ishingiz qaysi bo‘lgan?
- Ko‘pchilik yodida bo‘lsa kerak, Buxoro viloyatining Kogon tumanida yirik baza portlagandi. Hazilakam emas, kuchli portlovchi moddalar portlagani yetmaganiday, qanchasi kilometrlab masofaga sochilib ketgandi. O‘shalarni topib, zararsizlantirish uchun bir guruh bo‘lib borgandik. Kuni bilan tizzalab, granata va boshqa shunday moddalarni izlaymiz, kechgacha oyoqlar qavarib ketadi. Guruh rahbari bo‘lganim uchun birga borgan yigitlarga nisbatan mas’ullik his qilganim uchun toliqqandim. Adashmasam, qirq kun davomida tinimsiz ishladik, katta hududni kezib chiqdik, har bir qadam xatarli edi.
- Faoliyatingiz davomida nechta portlovchi qurilmani zararsizlantirgansiz?
- 20 ga yaqin bo‘lsa kerak, sanamaganman.
- Va biror marta qo‘llaringiz qaltiramagan, shundaymi?
- Bilasizmi, eng xavfli vaziyatlarda ham bu vazifaga ishim deb qaraganman. Faqat bir marta… Davlatimizning yuksak mukofoti II darajali «Shon-sharaf» ordenini topshirishayotganda hayajon bosgan.
- Ichki ishlar tizimida so‘zlaringizga ko‘ra 16 yil ishlashingiz, qisqa muddatda starshinalikdan podpolkovnik darajasigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tishingiz oson bo‘lmagandir?
- Albatta! Bu sohada ham faoliyatimni tushungan ustozlarim qo‘llashgan. Ten Nikolay Vissarionovich, Sharapov Otajon Mamatxonovich,Ahrorqulov Rustam Rabbimqulovich, Jabborov Muzrob Jabborovich singari ustozlarimdan, o‘z xizmat sohasining fidoyilaridan bir umr minnatdorman.
20 yil oilada, ammo oiladan tashqarida
Qodir Ergashev, nafaqadagi podpolkovnik, sapyor, umrining qariyb 20 yilini, ya’ni 1998 yildan 2014 yilgacha ichki ishlar tizimida mehnat qilib o‘tkazdi. Xo‘sh, oilada u qanday inson? Farzandlariga qanday ota bo‘ldi?
- Shu tizimda ishlagan paytlari, ya’ni 20 yil tug‘ilgan kun, bayramlarni birga nishonlashning hecham iloji bo‘lmasdi, - deydi u kishining turmush o‘rtog‘i Anora Ergasheva. – Farzandlarim dadam qachon ishdan kelarkan deb uxlab qolardi. Hech esimdan chiqmaydi, kichik qizim o‘sha paytlar to‘rt yoki besh yoshlarda edi, dadasi ishga ketayotganda bildirmay, mashinani orqasiga yashirinib o‘tirib olgan. Dadasi ishga borib, mashinadan tushayotganda «dada, bugun menam siz bilan ishlayman!» (Buni qarangki, bu qizim ulg‘aygach, rostdan ham dadasining yo‘lini tanladi) degan. Bolalar dadasining mehriga tashna edi, tunu kun xalq xizmatida ishlagani uchun ularga vaqt ajratishi murakkab edi. Biz turmush o‘rtog‘imning ishini tushungan holda muomala qilardik. Ammo bolalariga mehribon va doim baholaridan, tarbiyasidan xabardor edi. Besh nafar farzandimiz hammasi o‘z yo‘lini, kasbini topdi. Bir qizimiz ota izidan borib, shu tizimda mehnat qilmoqda. Nafaqaga chiqqach, o‘sha yigirma yillik kemtiklar to‘ldirilyapti, deb o‘ylayman. Hozir bolalar bilan vaqtini o‘tkazib, nevaralariga mehribon bobo bo‘lib yuribdilar. Hashamatli uylar qurishga, qimmat mashinalar olishga qiziqmadilar, qaysi ishda ishlasa-da, halollikni birinchi o‘ringa qo‘yganiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Kamtarona hayot kechirishni sharaf deb biladilar.
Darvoqe, Qodir Ergashev ayni paytda ham ichki ishlar tizimi uchun nafaqada bo‘lsa-da, aslida hali mehnat qiladigan yoshda. Ayni paytda viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasida faoliyat yuritadi. Tabiat shaydosi, uning muhofazasi yo‘lida o‘sha mas’uliyat, o‘sha burch bilan faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu safargi mehnat faoliyati ham qaysidir ma’noda tinchligimiz, xavfsizligimiz bilan bog‘liq...
Darvoqe, tinchligimiz, musaffo osmonimiz haqida gap boshlagandik. Tinchlik oliy ne’mat ekanligi haqida gapirar ekanmiz, odatda bu holatga faqat davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohot, to‘g‘ri siyosat natijasi deb qaraymiz. Tabiiyki, shunday, ammo bu masalada qo‘shimchalarim bo‘ladi doim. Shu yurtning fidoyi insonlari, elparvarlari, yuragida o‘ti, vujudida shijoati, bilimi bor kishilarning zahmatli kunlari, o‘zini ishiga bag‘ishlagan umri ham mujassam bu oliy ne’matdan bahramand bo‘layotganimizda. Jonini xatarga qo‘yib, ming to‘siq bo‘lsa-da, fidoyilik bilan mehnat qilayotgan, qaysi sohada bo‘lmasin, avvalo, vazifasini vijdonan bajarayotgan, korrupsiya va boshqa illatlarni ko‘rib, unga qarshi kurashish foydasiz bo‘layotganini anglagan bo‘lsa-da, bu yo‘lidan qaytmayotgan, kimlarningdir e’tirofiga, e’tiboriga sazovor bo‘lib, turli yorliqlar olmasa-da, jimgina o‘z ishini vijdonan bajarayotgan minglab insonlar bor hozir ham yurtimizda. Har bir davrning muvaffaqiyati o‘sha paytdagi islohotlar, to‘g‘ri tashabbuslar, to‘g‘ri yo‘nalish bilan birga uni bajarayotgan inson omiliga ham har jihatdan bog‘liq. Bugun yurtimizdagi yaxshi o‘zgarishlarda mana shunday, jimgina, o‘z vazifasini sadoqat bilan uddalayotgan, kezi kelganda rag‘batlantirilib, ba’zida e’tiborsiz qolayotgan insonlarning hissasi katta. Bugungi kunlarimizga, musaffo osmonimiz uchun ularning ham zahmatli mehnatlari oldida ta’zim qilamiz.
Gulruh MO‘MINOVA.