Samarqandlik shaxmatchi Jahongir Vohidov «Oskemen Open 2024» turnirida bronza medalini qo‘lga kiritdi
Qozog‘istonning Ust-Kamenogorsk shahrida shaxmat bo‘yicha «Oskemen Open 2024» turniri bo‘lib o‘tdi.
Unda, musobaqaning «Masters» guruhida 20 grossmeyster, 29 xalqaro masterlar ishtirok etishdi. Armanistonlik grossmeysterlar - Manuel Petrosyan (2631) va Aram Akopyan (2617), xitoyliklar - Syuy Syanyuy (2621), Bay Szinshi (2549), eronlik Bardiya Daneshvar (2613), hindistonlik Seturaman (2576) hamda hamyurtimiz Jahongir Vohidov (2572) g‘oliblik uchun asosiy da’vogarlar sifatida e’tirof etilgandi.
Musobaqa yakunida Jahongir Vohidov 10 imkoniyatdan 7,5 ochko jamg‘arib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 3-o‘rinni egallab, bronza medali bilan birga 5200 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofotini ham qo‘lga kiritdi.
Turnirda ukrainalik Vitaliy Bernardskiy 8 ochko bilan g‘alaba qozondi. Jahongir singari 7,5 ochko jamg‘argan Bay Szinshi ikkinchi o‘rinni egalladi.