Samarqandlik tadbirkorlar Fransiyaning Nitssa shahri ishbilarmonlari bilan hamkorlik qiladi

Shu kunlarda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosarlari O.Hamroyev hamda J.Haydarov boshchiligidagi tadbirkorlardan iborat viloyatimiz delegatsiyasi Fransiyaning Nitssa shahrida bo‘lib turibdi.
Delegatsiya a’zolari dastlab Nitssa shahri meri Krisian Estrosi bilan uchrashdi hamda o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, bir qator sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida turizm oqimini oshirish, shaharlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, shaharlar o‘rtasida madaniyat kunlarini o‘tkazish, Nitssa shahrida milliy taomlar oshxonasini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida Samarqand shahri va Nitssa shahri o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Shundan so‘ng viloyatimiz delegatsiyasi a’zolari Nitssa shahri Innovatsiya markaziga borib, Nitssa shahri meri o‘rinbosari bilan uchrashuv o‘tkazdi hamda yirik kompaniyalar tomonidan hududda amalga oshirilayotgan start-ap loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Bundan tashqari, tadbirkorlar Nitssa shahrida yetakchilardan hisoblangan “Arkopharma” (farmatsevtika) hamda “Fragonard” (kosmetika va parfyum) kompaniyalarida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.
Shuningdek, “HALIOTIS-2” korxonasida oqava suvlarini qayta ishlash va shahar infratuzilmasini qurish bo‘yicha fikr va tajribalar almashdi.