Samarqandlik tadbirkorlar "O‘zbekiston – Janubiy Koreya ishbilarmonlari biznes-forumi"da ishtirok etdi

Forumda viloyai hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, O‘zbekistoning Janubiy Koreyadagi elchisi Alisher Abdusalomov so‘zga chiqib, Samarqandning iqtisodiy salohiyati, investitsiyaviy imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilgani, ikki mamlakatning ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishida ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustahkam aloqalarni o‘rnatishning o‘rni katta ekanligi ta’kidlandi. O‘zaro tovar ayirboshlash, sarmoya kiritish, sanoat va savdo sohalarida hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida so‘z yuritildi.

Adiz Boboyev qishloq xo‘jaligi, ta’lim, to‘qimachilik, tog‘-kon sanoati, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa sohalarda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun Samarqandda katta imkoniyat mavjudligini qayd etdi.

Forum doirasida tashkil etilgan uchrashuvlarda tadbirkorlar faol ishtirok etib, aniq loyiha takliflari asosida hamkorlik qilish istiqbollarini muhokama qildi.

Forumda bir qator ikki tomonlama hamkorlik hujjatlari imzolandi. Bu orqali tarmoqlar va hududlarning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, shahar infratuzilmasini barpo etish, tejamkor texnologiyalardan foydalanish va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.