Samarqandlik talaba elektron qurilmalarni boshqaradigan mikrokontroller yaratmoqchi

IT va robototexnika sohasida bir nechta startap loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib, viloyat, respublika va xalqaro tanlovlar g‘olibi bo‘lgan Doston Ishanov Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan.

20 yoshli mutaxassis axborot texnologiyalari, robototexnika, mexatronika, sxemotexnika, dasturlash va 3D modellashtirish yo‘nalishlarida “Alko tester”, “Yuqori texnologiyalar muzeyi”, “Utility SS99 robot”, “Aqlli hassa”, “Arm Robot”, “Gaz detektori”, “Gid robot”, “Robot lab”, “Suvosti roboti”, “I.B.K uz”, “Women Union kabi yangi startap loyihalarni yaratib, jamoasi bilan ular ustida ishlamoqda.

Doston bilan o‘tgan yil suhbatlashganimizda IT sohasida yangi dasturlar va robotexnikaning yaratilmagan tiplarini ixtiro qilishni maqsad qilganini aytgan edi. Ayni paytda Xitoydagi WUXI universitetining uchinchi bosqichida tahsil olayotgan yurtdoshimiz xorijdagi hayot, o‘qishi va faoliyatidagi yangiliklar haqida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

-  Olti yildan buyon IT va robototexnika sohasida faoliyat olib boraman, - deydi Doston. – Ayni paytda WUXI universitetida kompyuter fanlari texnologiyasi (Compyuter Science Technology) yo‘nalishida grant asosida o‘qiyapman. Dastlab o‘qishni masofadan boshlagan bo‘lsam, endi shu yerda davom ettiryapman. Xitoyga kelganimda meni yangi dunyo qarshi oldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi, bu yerda barcha narsalar elektronlashib ketgan. Hatto uy eshigini ochish uchun ham telefon yoki gadjetlardan foydalaniladi, kamdan kam hollarda naqd pul ishlatiladi.

Xitoy boy tarixi, mazali taomlari, turli bayram va urf-odatlari bilan ham hayratda qoldiradi. Masalan, bu yerdagi to‘ylarda ham qalin puli bor, lekin bazmlar juda oddiy, isrofgarchiliksiz va ko‘rkamgina o‘tadi. Ayniqsa, milliy bayramlar: Xitoy yangi yili, qabr artish kuni, dragon boat festivali menga juda yoqdi. Odamlari mehribon, shaharlari go‘zal va rivojlangan...

Bu yerda dunyoning deyarli barcha davlatidan ta’lim olayotgan talabalar topiladi. Sababi, bu yerda yashash arzonroq va xalqaro talabalar uchun juda ko‘p imkonyatlar va grantlar bor. Ta’lim olish tizimi juda murakkab, ya’ni yaxshi tarafdan.  Talabalar har kuni dars tayyorlashadi, talabalar o‘rtasida raqobat juda yuqori. Har bir darsda yangi nimadir innovatsiya bo‘ladi va bahs-munozara tarzida tahlil qilinadi.

Men o‘qiyotgan unversitetda ham barcha sharoitlar yaratilgan.  Jumladan, robototexnika laboratoriyasi, sport maydonchalari, kompyuter xonalari, biologiya, kimyo, fizika laboratoriyalari, noodatiy ko‘rinishdagi to‘qqiz qavatli kutubxona talabalar ixtiyorida. Xorijlik talabalar uchun alohida zamonaviy yotoqxonalar mavjud. Yotoqxonada marokashlik va amerikalik xonadoshlarim bilan turaman.

Faoliyatimga kelsak, elektron qurilmalarda bo‘ladigan mikrokontrollerlarning yangi turini ishlab chiqarish va unga dastur kiritish buyicha ish olib boryapman. Mikrokontroller elektron qurilmalarni boshqarishga mo‘ljallangan mikrosxema bo‘lib, dunyoning 75 foiz mikrokontrollerlari Xitoyda ishlab chiqariladi. Bu qurilma kompyuter va robotlarning ishlashini ta’minlaydi. Boshqacha aytganda, elektron qurilmalarning miyasi hisoblanadi. Mana shunday qurilmaning yangi turini yaratib, O‘zbekistonda ham ilk bor joriy qilish niyatim bor.

Mikrokontrollerning eski turi Xitoy va Tayvanda ko‘p ishlab chiqarilgan. Bu qurilmalarning asosiy kamchiligi dasturiy ma’lumotni qayta yuklashida bo‘lib, ma’lumotlar o‘chib ketishi yoki qisman yuklanishi mumkin. O‘ylab ko‘ring, dunyoda ko‘plab katta kompaniya va korxonalar bor. Agar ularning faoliyatiga doir muhim ma’lumotlar o‘chib ketsa yoki tiklanmasa, kasodga uchrashi va juda ko‘p zarar ko‘rishi mumkin. Elektron qurilmalarda mikrokontrollerlarning yangi turi yaratilib, qo‘shimcha dastur kiritilsa, bu kabi muammolarga o‘rin qolmaydi.

F.RO‘ZIBOYeV.