Samarqandlik talabalar Germaniyada amaliyot o‘tamoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berdi. “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining birdan-bir to‘g‘ri yo‘lidir... Farovonlik garovi – ta’lim, tarbiya va bilimda. Zero, barcha ezgu maqsadlarga bilim va ta’lim orqali erishiladi”, dedi Yurtboshimiz.

Har bir davlatning istiqboli ilm-fan, texnika, ta’lim taraqqiyoti bilan barkamol kadrlarni voyaga yetkazishga bog‘liqdir. Malakaviy amaliyot talabalarning oliy o‘quv yurtida olib boriladigan ta’lim-tarbiya jarayonining izchil davomi sanaladi hamda olingan nazariy bilimlarni mustahkamlash va mazkur bilim, ko‘nikma, malakalarni bevosita ishlab chiqarish jarayoniga qo‘llash imkonini beradi. Bu borada fan-ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyani amalga oshirish ta’limning sifatini bevosita amaliyotlar bilan mustahkamlash borasida Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida qator ishlar bajarilmoqda.

Filialning iqtisodiyot, barqaror qishloq xo‘jaligi va raqamli texnologiyalar kafedrasi assistenti Oybek Norboyev Italiyaning Pisa va Belgiyaning Antverp universitetlarida tayanch doktoranturasiga Italiyaning Pisa universiteti granti mablag‘lari hisobidan 2022 yil 1 dekabrdan 2026 yil 29 dekabrgacha bo‘lgan muddatga hamda bitiruvchi Ahmadjon Nurullayev Belgiyaning Gent universitetiga qishloq hududlarini rivojlantirish magistratura yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga yuborildi.

Bugungi kunda filialda 84 nafar talaba ish bilan band bo‘lib, shundan 32 nafari ilmiy loyihalarda, 44 nafari bo‘limlarda va 8 nafari bunyodkor otryadga ishga olingan. 2022 yilda 11 nafar magistrant Germaniyaning yirik qishloq xo‘jaligi kompaniyalarida haq to‘lanadigan stajirovkada bo‘lib qaytishdi. Hozirda esa 31 nafar 3-kurs bakalavr talabalari ushbu davlatning ilg‘or agrar kompaniyalari va fermer xo‘jaliklarida 3 oylik xorijiy amaliyotni o‘tamoqda.

Talabalarimiz amaliyot davrlarida issiqxonada meva-sabzavot ekinlari yetishtirish hamda gul ko‘chatlarini parvarishlash, yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saralash, saqlash hamda qayta ishlash, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarida ishlash bo‘yicha o‘z ko‘nikma va tajribalarini orttirmoqda.

Talabalarimizning aynan ilg‘or texnika va texnologiyalarda ishlay olish ko‘nikmalarini shakllantirish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlab, sifatli ta’lim olishlari kelajakda respublikamizning agrar tarmog‘i rivojiga munosib hissa qo‘shadi, albatta.

Husniddin Xonqulov,

Toshkent davlat agrar universiteti

Samarqand filiali direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, dotsent.