Samarqandlik talabalar Italiyada o‘qiydi

Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Melonining yurtimizga rasmiy tashrifi doirasida ushbu davlatning Tushia universiteti prorektori Alvaro Marussi boshchiligidagi delegatsiya Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida bo‘ldi.
O‘zaro muzokaralardan so‘ng institut va Tushia universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda uchta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ikkita magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma ta’lim (Double degree) dasturlarini joriy etish, ERASMUS+ dasturi doirasida ilmiy loyihalarini amalga oshirish, talabalar, professor-o‘qituvchilar hamda ilmiy izlanuvchilar mobilligini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, mehmonlar institutda amalga oshirilayotgan xalqaro loyihalar, talabalar startaplari bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Tushia universiteti Italiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, Viterbo shahrida joylashgan. 1979 yilda tashkil etilgan ushbu universitet 6 ta o‘quv fakultetidan iborat. Oliygoh qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi. Universitet xalqaro QS reytingida 901–950 o‘rinlarni egallagan.