Samarqandlik taniqli hunarmand Germaniyadagi Xalqaro kulolchilik yarmarkasida ishtirok etmoqda

Mazkur xalqaro yarmarka Germaniyaning Dissen Ammerzeye shahrida bo‘lib o‘tmoqda. 22-marotaba o‘tkazilayotgan Xalqaro kulolchilik bozorida 14 ta mamlakatning 166 ta kulolchilik ustaxonasi qatnashmoqda.

Bavariyadagi ommabop "Merkur.de" onlayn nashri o‘z maqolasida Samarqandlik taniqli kulol haqida to‘xtalgan:

"Samarqand kulolchilik maktablaridan birining asoschisi Ilhom Bobomurodov o‘z asarlarini mazkur kulolchilik bozoriga taqdim etishi tadbirning katta yangiligi sifatida qaralmoqda. Buyuk ipak yo‘lida joylashgan qadimiy Samarqand mahalliy masjid va madrasalarni bezashda qo‘llaniladigan mayolika va boshqa sharqona uslublar bilan mashhurdir. Tobora ko‘proq mamlakatlardan hunarmandlarni o‘ziga jalb etib borayotgan Dissen Ammerzeye kulolchilik yarmarkasi yana bir bor san’at va madaniyat xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishning ramziy belgisi ekanligini namoyon etadi", — deya yarmarka rahbari Volfgang Lyoshe fikrlaridan iqtibos keltirgan manba.

Maqolada shuningdek, ushbu kulolchilik bozori nafaqat taniqli hunarmandlar uchun muloqot platformasi sanalishi, balki mazkur san’at turini egallayotgan yosh iste’dodlarga o‘zlarini namoyon etishi, innovatsion g‘oyalar va yangicha yondashuvlar bilan tanishishi uchun zo‘r imkoniyat ekanligi ta’kidlangan.

"Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar kulolchilik texnikalari sirlari bilan tanishish hamda kulollar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Mazkur Xalqaro kulolchilik yarmarkasi turli mamlakatlarning madaniy merosi hisoblangan kulolchilik san’atining qadimgi an’anaviy usullaridan tortib zamonaviy talqinlarini namoyon etish bilan birgalikda madaniyatlar o‘rtasida do‘stlik ko‘prigini qurishga xizmat qiladi", — deya xulosa qiladi nashr.