Samarqandlik turizm yo‘nalishidagi talabalar shu yildan Singapurda “Yozgi maktab”ni o‘tashi mumkin
Bu haqda Malayziyaning «UCSI» universiteti hamda Samarqand shahridagi «Ipak yo‘li» xalqaro turizm va madaniy meros universiteti vakillari o‘rtasida onlayn-muzokaralar chog‘ida kelishib olingan. Mazkur onlayn muloqot O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida tashkil etildi, deya xabar bermoqda “Dunyo”.
Muloqotda dastlab Malayziya vakillari O‘zbekiston rahbariyati tomonidan sayyohlik va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, shuningdek, xalqaro turizm sohasida professional kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar bilan tanishtirilgan.
«UCSI» ikki tomonlama diplom berish, doktorantura dasturlari va professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqot ishlari hamda akademik standartlarni boshqarish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirgan.
Malayziya universiteti qo‘shma ta’lim dasturlari va aniq ilmiy-amaliy loyihalarni ishlab chiqish hamda yo‘lga qo‘yish maqsadida «Ipak yo‘li» universitetida o‘qitiladigan mutaxassisliklarga qiziqish bildirgan.
“Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Samarqand universiteti rahbariyatining yanvar oyi oxirida Kuala-Lumpurga tashrifini tashkil etish va tashrif davomida Hamkorlik memorandumini imzolash masalasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tomonlar, shuningdek, malayziyalik mutaxassislarni ma’ruzalar, seminarlar va vebinarlar tashkil etish uchun Samarqandga «mehmon professor» sifatida jalb etish, shuningdek, Kuala-Lumpur va Saravak shtatidagi kampuslarda o‘zbekistonlik talabalar uchun «yozgi maktablar» o‘tkazishga kelishib oldi” deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun: 1986 yilda tashkil etilgan «UCSI» universiteti Malayziyadagi yetakchi va eng yirik xususiy oliy bilim yurtlaridan biri bo‘lib, «QS Rankings 2023» ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi eng yaxshi 300 ta universitet qatoriga kiradi. Ta’lim muassasasining yetakchi yo‘nalishlari «Turizm va mehmondo‘stlik industriyasini boshqarish» (jahon reytingida kuchli 40 talikka kiritilgan) va «Biznes va menejment» (eng yaxshi 250 talik)dir.