Samarqandlik yirik qurilish rahbari Umar Rajabov 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi
Samarqand shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi yirik qurilish firmasi rahbari Umar Rajabovga, shuningdek, jinoiy ish bo‘yicha sherik sifatida keltirilgan uch nafar ayblanuvchiga nisbatan hukm chiqardi.
Qurilish kompaniyasi rahbari Umar Rajabov 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Uning o‘g‘li Ruslan Rajabov – 8,5 yilga, “Afrosiyob Xosiyat begim makoni” MChJ rahbari Shavkat Obloqulov 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Omborxona boshlig‘i Mirolim Odilov esa 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi. Sud hukmiga binoan ularning mol-mulki jabrlanuvchilar foydasiga musodara qilinadi. Jabrlanuvchilar 180 nafar atrofida.
Ta’kidlab o‘tamiz, hukm chiqarilganlarga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bo‘yicha ayblovlar e’lon qilingan: 168 – moddaning 4 – qismi “a, v” bandlari (uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan juda ko‘p miqdordagi firibgarlik) – so‘z 44 mlrd. 647 mln. 929.4 ming so‘m, shu bilan birga 726 850 AQSh dollari haqida boryapti. Sudlanuvchilarga, shuningdek, 189 – moddaning 1 – qismi (Tovarlar bilan savdo qilish qoidalarini yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini juda katta miqdorda buzish), 228 – moddaning 3 – qismi va 2 – qismi “a,b” bandlari (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, qalbakilashtirish, ularni sotish yoki ulardan foydalanish), shuningdek 243 – modda (jinoiy faoliyatdan olingan daromadni legallashtirish) ayblari e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Umar Rajabov va uning xodimlari shu yilning fevral oyida Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayevga va uning qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘tkir Abdullayevga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandan keyin hibsga olingan. Amaldorlarga Samarqandning tarixiy markazida qurilish olib borishga ruxsatnomalar berishda pora olganligi to‘g‘risida ablovlar e’lon qilingan edi. Avgust oyining boshida jinoiy ishlar bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sobiq hokimi ishi bo‘yicha hukm chiqardi – sobiq amaldorga 13 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.