Samarqandlik yosh tadbirkorning “Eko daraxt” loyihasi xalqaro tanlovda g‘olib bo‘ldi

Yosh ixtirochi Boburjon Astanov o‘zining "Eko daraxt" loyihasi bilan "Green Spark" tanlovida ishtirok etib, g‘olib bo‘ldi. Markaziy Osiyo yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan mazkur tanlovning final bosqichi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida bo‘lib o‘tdi. Undan ko‘zlangan maqsad yoshlar orasida ekologik va texnologik g‘oyalarni rivojlantirishga qaratilgan.
G‘oliblarga 28 ming AQSh dollari miqdorida mukofot puli ajratilgan bo‘lib, bu mablag‘ning 3 ming dollari viloyatimiz sha’nini himoya qilgan Boburjon Astanovga nasib etdi.
- "Eko daraxt" shahar ekologiyasini yaxshilash va atrof-muhitga zarar yetkazmasdan innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgandir, - deydi u. - Loyiha havoni tozalovchi, atmosfera monitoringini olib boruvchi hamda energiya manbalarini optimallashtiruvchi aqlli sun’iy daraxtlar tizimini yaratishni nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, Boburjon Astonov bundan tashqari "aqlli o‘rindiq" va "aqlli bekat" loyihalarini ham ishlab chiqqan.
Tohirjon Anvarov.