Samarqandliklar "gorbolnitsa" xizmatidan rozimi?
Shifoxonada yuz nafardan ziyod malakali shifokor, 220 nafar o‘rta tibbiyot xodimi mehnat qiladi. Ayni vaqtda tibbiyot muassasasining 2 ta bo‘limida to‘liq ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sabab 345 o‘rniga 291 nafar bemor davolanmoqda. Kardiologiya, reablitatsiya va endoxirurgiya bo‘limlari to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Birgina reanimatsiya bo‘limiga 657 million so‘mlik zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar keltirib o‘rnatildi.
Ammo kasalxonaning shuhrati so‘nggi vaqtlarda biroz pasaygandek. Chunki hadeb almashayotgan rahbarlar qo‘nimsizligidan shifoxona 20 yildan buyon kapital ta’mirlanmagan, so‘nggi 10 yilda esa birorta qattiq jihoz keltirilmagan ekan. Qurilish-ta’mirlash ishlari ketayotganligi sababli hududda biroz tartibsizlik ko‘zga tashlanadi. Faqatgina qabul bo‘limidan tashqari boshqa bo‘limlarda tajribali vrachlardan navbatchilik postlari tashkil etilmagan.
Patanatomiya, kir yuvish bo‘limlarining avariya holatdagi binolariga kirib bo‘lmaydi, devorlari zax. Eng qizig‘i, shuncha vaqtdan beri muassasaning orqa tarafi devor bilan to‘liq o‘rab olinmagan. Chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmaganligidan chiqindixona to‘lib, uning qo‘lansa hidi atrofga taralib turibdi.
Bosh vrachning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari R.Bozorovning ta’kidlashicha, shifoxona bo‘limlarining 10 ming kv.m. tom qismini yangilash, 200 ta deraza, 400 ta eshikni zamonaviylariga almashtirish zarur. 1 000 kv.m. hudud asfalt qilinmagan. Issiqlik tizimi quvurlari zanglab, yaroqsiz bo‘lib qolgan. Ko‘pgina bo‘limlarda hojatxona, yuvinish uskunalari yo‘q.
Kir yuvish xonasida sanitariya-gigiyenaga amal qilinmaydi. Maxsus quritish uskunasi yo‘q. Kirlarni yoyish uchun tayyorlangan maxsus joylar talabga javob bermaydi. 4 ta kranning 2 tasi, ikkita suv isitgich "Ariston" uskunasining bittasi ishlamaydi. Kuz-qish mavsumiga tayyor bo‘lishi shart bo‘lgan qozonxonada mavjud uchta qozondan ikkitasi ta’mirtalab. 700 metr issiqlik uzatish tizimini butunlay yangisiga almashtirish zarur.
– Yog‘ingarchilik boshlandi deguncha kirxonamiz tomidan chakka o‘tadi, – deydi kir yuvish bo‘limi xodimasi Saodat Rabbimova. – Yettita zamonaviy kir yuvish mashinamiz bor. Ammo ularning 2 tasi ishdan chiqqan.
– Joriy yilda bemorlarning ovqatlanishi uchun 250 million so‘m byudjet mablag‘lari ajratildi, – deydi Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Xurshid Niyozov. – Bu bir bemorga kunlik ovqatlanish ratsioni uchun 3 ming so‘m ajratiladi deganidir. Bu juda kam. Aslida uch mahal ovqatlanishi uchun 20 ming so‘m ham yetmaydi. Shuningdek, dori-darmonga ajratilayotgan 333 million so‘m ham kam. Bu yerda me’yor bo‘yicha 20 ming so‘mlik dori-darmon o‘rniga 8 ming so‘mlik dori vositasi berilmoqda. Shuning uchun ham bemorlarni 20 foiz dori-darmon bilan ta’minlay olayapmiz, xolos.
Darhaqiqat, tibbiyot birlashmasining markaziy dorixonasida bo‘lganimizda ko‘pgina dori-darmonlar yo‘qligi ayon bo‘ldi. Bir oyda dori-darmonlar uchun ajratiladigan 16 million so‘mga "Dori-darmon" AJ tomonidan dori vositalari olinar ekan. Lekin internet tender orqali yutib olgan xususiy farmatsevtika kompaniya va firmalari tomonidan keltirishi lozim bo‘lgan vositalarning o‘z vaqtida yetib kelmaganligi sabab, bemorlar hatto oddiygina antibiotik dori vositalarni ham xususiy dorixonalardan sotib olishlariga to‘g‘ri kelmoqda.
– Samarqand shahridagi beshta shifoxona va barcha oilaviy poliklinikalarga 25-30 turdagi dori vositalari yetkazib beramiz, – deydi shahar tibbiyot birlashmasining markaziy dorixonasi mudiri Nurilla Mamanov. – Ba’zida yetishmayotgan dorilarni tuman tibbiyot birlashmalaridan olib turishimizga to‘g‘ri keladi. Xususiy kompaniya va firmalar tenderda g‘olib chiqsa-da, ajratilgan mablag‘imiz kamligi sabab o‘z vaqtida yetkazib berisholmaydi.
Kamchiliklar faqat bugina emas ekan. Bemorlar yotadigan krovat, ko‘rpa-to‘shaklarning 90 foizi eskirib ketgan. Ayniqsa, jarrohlik blogida 12 ta jarrohlik stoli, elektrokagulyator, elektrootsos, soyasiz chiroqlar, tikish iplari va boshqa jarrohlik asbob-uskunalari yetishmaydi.
– Ko‘pgina bo‘limlarimiz eski loyihalar bo‘yicha qurilganligi bois hojatxona, yuvinish xonalari ko‘zda tutilmagan, – deydi I-jarrohlik bo‘limi mudiri Uyg‘un Rahmonov. – Shu sabab ular moslashtirilgan xonalarga joylashtirilgan. Mavjud 7 ta jarrohlik stolining birortasi talabga javob bermaydi. Yoritgichlar ham kerakli yorug‘likni berolmay qolgan. Bo‘limimizda 2 ta laparoskopik ustun, zamonaviy lor-kombayn va MRT uskunalari yo‘qligi sababli bemorlarimiz xususiy tibbiyot markazlariga borishmoqda.
To‘g‘risi, Samarqanddek azim shahar markaziy shifoxonasidagi nochor ahvolni ko‘rib, o‘zimiz ham hayron qoldik. Nahotki, bu holatdan shahar hokimligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va tegishli sektor rahbarlari bexabar bo‘lsa. Ular mazkur muassasadagi shart-sharoit bilan tanishib, kamchiliklarni bartaraf etish haqida kengashib ko‘rganmi? Umuman, Samarqand shahar markaziy shifoxonasi qachon zamonaviy muassasaga aylanadi? Xo‘sh, endi bu ahvol qachon o‘nglanadi?
Dilmurod TO‘XTAYeV,
Baxtiyor MUSTANOV,
«Zarafshon» muxbirlari.