Samarqandliklar Nukusda amaliy ishlarni boshladi

Davlatimiz rahbari topshirig‘i bilan respublikamiz viloyatlari hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yordam berish maqsadida Qoraqalpog‘istondagi tumanlarga biriktirilgan edi.

Jumladan, Samarqand viloyati Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus tumanini o‘z tajribasi asosida yanada rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi bir guruh mas’ullar, tadbirkorlar o‘tgan yil dekabr oyining so‘nggi kunlarida Nukusda bo‘lib, mahalliy rahbarlar bilan birgalikda tumanni 2022-2024 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilgan edi. O‘shanda Nukusda bog‘dorchilik, baliqchilik, parrandachilik, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda metal profillarni ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish rejalashtirildi.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni chog‘da samarqandlik mas’ullar Nukus tumani mahallalarida amaliy ishlarni boshladi.

Bugun tumanning Taqirko‘l ovulida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj 100 oilaning har biriga 40 donadan xonaki tovuq tarqatildi. Shuningdek, Krantov va Taqirko‘l mahallalarida 100 ta xonadonda issiqxonalar tashkil etilmoqda.

Darsan, Taqirko‘l mahallalari hududidagi 6 kilometr ariq va zovurlarni tozalash ishlari boshlandi.