Samarqandni nechun sevar u?
Nazirjon Nazarov qo‘qonlik taniqli ziyolilardan. Adabiyotshunos olim, shoir, bastakor o‘z vaqtida «Asta qiyolab o‘tdi», «Derman», «Dilnavoz», «Donoligini aytay», «Ey, sabo», «Jonon, ko‘rib jamoling», «O‘ynaganda», «Oy jamolim» kabi ashulalari bilan el og‘ziga tushgan. Xonanda tahririyatimizga Samarqand madhida turkum she’rlarini yo‘lladi. Uni siz bilan baham ko‘rishni istadik.
Samarqand
Dilga sig‘mas hayrat bilan
Huzuringga uchaman.
Zarafshonga labim bosib,
Tuprog‘ingni quchaman.
Ko‘z oldimdan o‘tar bir-bir,
O‘tmishimiz torlari.
Yomon ko‘zdan asraguvchi,
Ko‘zmunchoq tumorlari.
Nafaslari qulog‘imga,
Oqib kelar navoday.
Ilhom berar rohatijon,
Mayin esgan saboday.
Al-Buxoriy, Motrudiy
Iymonimiz tayanchi.
Adashganga yo‘lchi yulduz,
Millatimiz quvonchi.
Yulduzlaring quchog‘ida
Porlab turar zo‘r olim.
Necha-necha allomani
Lol qoldirgan muallim.
Ular tengsiz aqlimizni
Isbot qilib o‘tdilar.
Lekin, qancha armonlardan
Tilin tishlab ketdilar.
Eshitmadi dardlarini,
Na qoziyu hukumdor.
Mashrablarning so‘zlariga
«Quloq tutdi» oxir dor…
…Qilmasin ne-ne qabohat,
Yo‘qolmadi urug‘lar.
Qarang, Alloh inoyatin,
Yana chiqdi ulug‘lar.
Ulug‘ Tursun, Rahmatullo,
Bozorboyu Zarifjon.
Vohid Abdullo, Suyunbek,
Ilmiga qoyil jahon.
Dilga sig‘mas hayrat bilan
Huzuringga uchaman.
Zarafshonga labim bosib,
Tuprog‘ingni quchaman.
Ey, Samarqand, yurtim ko‘rki,
O‘zligimsan – o‘zimsan.
Ta’rifingga yillar izlab,
Topolmagan so‘zimsan.
Sharq taronasi
Bulbuljon, sayrashni tark etgin biroz,
Kel, tushgin yonimga, jo‘r bo‘lgin sen ham.
Kuylar taralmoqda butun olamga,
G‘aflatda qolsang gar so‘ng qilar alam.
To‘xta! So‘zin sira eshitmagandi…
Mag‘rur yurar edi u ovozidan.
Bunga ham bor edi sabablar qator,
Bemor tuzalardi dilbar sozidan.
Kuy avji eshilib chiqdi samoga,
Quloqqa aylandi butun mavjudod.
Go‘zallashib ketdi keksa Registon,
Erkinlik baxtiga erishgan hayot.
Haqiqat. Bugungi «Sharq taronasi»,
Bahsda tortishib bulbuldan o‘tdi.
Bulbul qoyil qolib, qulluq qildi-yu,
Uning qo‘shig‘iga qo‘shilib ketdi.
So‘rayman uzr
Qachon yursam Buxoro tomon,
Bir shahar bor, kirib o‘taman.
Qaytganimda qiyolab o‘tmay,
Yana bir bor ko‘rib qaytaman.
Tomirlari yetti qavat yer,
Tub-tubiga borib qadalgan.
Minorlarning falakda boshi,
Dunyo ko‘zin hayratga solgan.
Qancha-qancha zamonlar o‘tdi,
Ajin tushmas guldek yuziga.
Kecha-kunduz charaqlab turgan,
Takrori yo‘q oyning qiziga.
Unga oshiq faqat men emas,
Ag‘yorlarim ming-ming, sanoqsiz.
Rashkim kelar ko‘paygan sari,
Biror og‘iz mendan so‘roqsiz.
Samarqandim, so‘rayman uzr,
Hazil qildim. Lekin, orim bor.
Ishq yo‘lidan qaytmayman sira,
Ortda qolmas Boychiborim bor.
Qachon yursam Buxoro tomon,
Bir shahar bor, kirib o‘taman.
Qaytganimda qiyolab o‘tmay,
Yana bir bor ko‘rib qaytaman.
Samarqand havosi
O‘xshashi yo‘q muattar havo,
Kuylamasam yo‘qdir ilojim.
Quchog‘imga bosgim keladi,
Lekin, yetmas unga qulochim.
Simiraman, to‘ymayman aslo,
Dashtda chanqab qolgan odamday.
Ko‘p zamonlar yurtdan ayrilib,
Pushmon bilan qaytgan qadamday.
Bu havoning jismida ne bor?
Javobiga bo‘lgandim gado.
«Ulug‘larning nafasi», degan,
Qulog‘imga keldi bir sado.
Chidolmayman qonmasam har kun,
Bulut to‘ssa qiynalar quyosh.
Men dardimni tuproqqa aytsam,
Qarshimizda yig‘lab turar tosh.
Ko‘rgoni keldim
Samarqand, men seni ko‘rgoni keldim,
Ko‘changda sayr etib yurgoni keldim.
Go‘zallik gashtini surgoni keldim,
Do‘stlar bilan suhbat qurgoni keldim.
Yulduzlar yerdami yoki osmonda?
Shoirlar kuylaydi madhing dostonda,
Yuzing tiniqligi ta’rifi nonda,
Ta’lim-la qoshingda turgoni keldim.
Qaddingga qarasam ko‘zim qamashar,
Bu kabi sayqalni ko‘rmagan bashar,
Maqtoving eshitgan yetguncha shoshar,
Xushbo‘y gullaringdan tergoni keldim.
Farzandlaring dono, nafasi toza,
Bulbullar olganmi undan andoza,
Qachon kelsam kutar ochiq darvoza,
Ber desa jonimni bergoni keldim.
Taomlaring ta’mi tilimda qolgan,
Mehring iliqligi dilimda qolgan,
Qalbing olovligi qo‘limda qolgan,
«Mehrdod» oshidan urgoni keldim.
Qizlaring ko‘rkiga jonim tasadduq,
Izladim qiyosin yeru ko‘kda yo‘q,
Kiprigi ko‘ksimga tegdi misli o‘q,
Birin Qo‘qonjonga burgoni keldim.
Armon
Temur bul fanodan baqoga ketdi,
Xomush bo‘lib qoldi yaratgan bog‘i.
Tuprog‘i sovimay hali qabrining,
Yiqildi ko‘k uzra tikkan bayrog‘i.
Maydalanib ketdi umrin hosili,
Beklar bir-biriga otini soldi.
Qonxo‘r qilichlaru nayza ostida
Ko‘zini ochmagan orzular qoldi.
Yeru ko‘k kul bo‘ldi to‘plar zarbidan,
Zamin quchog‘iga sig‘madi faryod.
Osmon kiprigidan daryolar oqdi,
Falakda chaqmoqlar uvvos soldi, dod.
Kerak bo‘lib qoldi fidoyi inson,
Xaloyiq munojot qildi Xudoga.
Azobin bermagin, o‘zingga oson,
Dedilar, - oromsiz, baxtdan judoga?
Bobur qulog‘ida jaranglar sado,
- Tur, o‘g‘lim, o‘rningdan, bo‘lmagin loqayd.
Nega o‘ylamaysan, bo‘lindi Davlat,
Bobong savoliga javobingni ayt.
Birdan cho‘chib boshini ko‘tardi Sherzod,
Bir siqim tuproqni kaftiga oldi.
Ko‘ziga surtdi-yu, beliga bog‘lab,
Samanin Samarqand yo‘liga soldi.
Kurashdi… Necha bor. Yengdi… Yengildi…
Va’daga vafosin qilolmadi hal.
Yurakda armoni – Hind sari yurdi,
Ne qilsin, bitgandi taqdiri azal.
Kim qarshi borardi Haq qaroriga,
Yo‘qsa yotarmidi Afg‘onistonda.
O‘ziga qolganda o‘qilar edi,
Janoza tug‘ilib o‘sgan makonda.
Dunyo ko‘rmadi hech hozirga qadar,
Boburdek jahongir qutluq qadamni.
Boburshoh nur edi. Tarix bilganmas,
Nurga tuproq tortib ko‘mgan odamni.
Nazirjon NAZAROV,
filologiya fanlari doktori, dotsent.