Samarqandning beshta hududida dzyudo bo‘limlari ochiladi
Viloyatda 2022-2023 o‘quv yilidan Kattaqo‘rg‘on shahar, Bulung‘ur, Qo‘shrabot, Narpay va Payariq tumanlaridagi sport muassasalarida dzyudo bo‘limlari tashkil etiladi. Ularga sport maktablaridagi malakali trenerlar jalb qilinadi.
Bu haqda Davlatimiz rahbarining joriy yil 20 iyundagi “Dzyudo sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi. Shuningdek, qarorga ko‘ra, dzyudoni aholi o‘rtasida ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Samarqand olimpiya va paralimpiya zaxiralari kolleji, sportning yakka kurash turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi, Samarqand shahridagi 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabi mashg‘ulot olib boriladigan asosiy va yordamchi bazalarga aylantiriladi.
Qarorga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan boshlab “Bolalar uchun dzyudo” dasturi doirasida bog‘cha va maktab yoshidagi bolalar ham ushbu sport turiga jalb qilinadi.