Samarqandning ekologik “yarasi” yoxud loqaydlik, mas’uliyatsizlik, beparvolikning oqibatlari xususida

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov tashabbusi bilan tashkil etilgan jamoatchilik nazorat guruhlari yaqinda Samarqand shahrining xalq tilida “Za liniya”, deb ataluvchi hududidagi mahallalar aholi turmush tarzini o‘rgandi.

Ular har bir xonadonga kirib, xalq bilan muloqot o‘tkazishdi. Suhbatlar jarayonida fuqarolar o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolar, taklif va mulohazalarini bildirdi.

Ayni paytda shahar hokimligi, tegishli korxona va tashkilotlar, bo‘lim va boshqarmalar fuqarolarning muammolarni o‘z vaqtida hal etish choralarini ko‘rmoqda. Qo‘limizga tushgan ikki murojaat ikki mahalladan bo‘lsa-da, bir xil muammo — mahalla hududidan o‘tgan kollektorning chiqindiga to‘lgani oqibatida kelib chiqayotgan noqulayliklar va ularni bartaraf etish bilan bog‘liq.

Murojaatda ko‘tarilgan muammolarni joyiga chiqib o‘rgandik.

Sayqal va Yoshlar mahallalari chegarasida kollektor-drenaj suvlari oqadigan ariq bor. Bu ariqdan yaqin o‘tmishgacha ko‘m-ko‘k, zilol suv oqqan. Buloqning boshlanish qismi Bog‘ishamol mavzesida bo‘lib, u g‘arbdan sharqqa oqib, 3-4 kilometr masofadagi o‘z yo‘li atrofida joylashgan korxona-tashkilot, xonadonlardan chiqayotgan oqova suvlarni ham oqizib ketardi. Biroq keyingi yillarda shaharda qurilish ishlari ko‘lamining kengayishi, fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlari olib borishi oqibatida bu suv yo‘li yopilib qolmoqda.

— Uyimizning qarshisidagi jarlikka har kuni 5-6 mashina qurilish va maishiy chiqindilarni to‘kib ketishayapti, - deydi Sayqal mahallasida yashovchi Sanobar Doniyorova. — Mana, bugun kuppa-kunduzi qarindoshimning ma’rakasidan qaytgunimcha 2-3 mashina chiqindini to‘kib ketishibdi. Bu haqda ko‘plab idoralarga murojaat qildik, ammo natija bo‘lmayapti.

— Bu yilgi yog‘ingarchilik mo‘l bo‘lgan davrda kollektor suvi bir necha metr ko‘tarilib, atrofdagi 15 ta xonadonga jiddiy xavf soldi, — deydi viloyat hokimligi jamoatchilik guruhiga murojaat qilgan Gagarin ko‘chasi, 1-tor yo‘lak, 20-uyda istiqomat qiluvchi Natalya Chasovskix. — Kollektorni tozalash choralari ko‘rilmayapti. Bu ishni kim bajarishi kerak? Murojaat qila-qila charchadik.

Natalya Chasovskix xonadoni yo‘lakning oxirida, kollektor yoqasida joylashgan. Hozirgi ahvolda kollektorni qo‘l kuchida tozalash uchun sharoit ham, imkoniyat ham yo‘qligi aniq ko‘rinib turibdi. Negaki, kollektorning ichi va ikki qirg‘og‘i butalar va daraxtlar bilan qoplanib, qalin chakalakzorga aylanib ketgan. Buning ustiga Natalya Chasovskix va uning qo‘shnilari ariqning qirg‘oqlariga qadar qo‘shimcha imoratlar qurib tashlagan.

Ushbu muammo bo‘yicha “Sayqal” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Tolib Hayitboyevning fikrlari bilan qiziqdik.

— Ariqning o‘ng qirg‘og‘i baland jarlik. Bu jarlik atrofida fuqarolarning uylari ham joylashgan. Shunga qaramasdan ancha vaqtdan buyon Yoshlar mahallasi tarafdan chiqindilar to‘kilishi holatlari davom etmoqda, — deydi T.Hayitboyev. — Bu haqda “Yoshlar” mahallasi raisiga bir necha bor murojaat qildim. Og‘zaki murojaatlarimdan natija chiqmadi. Qolaversa, shu mahalla hududida katta hajmdagi qurilish ishlari bajarilmoqda. Quruvchilar qurilish chiqindilarini belgilangan joyga to‘kmasdan, mana shu jarlikka to‘kishyapti. Bilmadik, ular bu ishni ongli ravishda bajarishyaptimi yoki biror rahbardan ko‘rsatma bo‘lganmi?!

Darhaqiqat, chiqindilarning asosiy qismi ariqning o‘ng tarafida, jarlik ustida olib borilayotgan qurilish inshootlarining chiqindilari hisoblanadi. Bundan tashqari, har ikkala mahalla aholisi ham o‘ylab o‘tirmasdan maishiy chiqindilarni ariqqa to‘kadi. Ayrim fuqarolar ariqqa chiqindi tashlayotgani kamlik qilgandek, hojatxonalarini ham hovlidan ariq bo‘yiga chiqarib qurgan.

Xuddi shu kabi holatni Maysazor va Mehnat mahallalari o‘rtasidan oqib o‘tuvchi kollektorda ham kuzatdik.

— Ikki mahalla chegarasidagi kollektordan temiryo‘l vokzali atrofidagi korxona-tashkilotlar, xonadonlardan chiqayotgan oqova suvlar oqadi, — deydi jamoatchilik guruhiga ushbu masalani ko‘tarib chiqqan Maysazor mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Normuhammad Qosimov. — Eni 40-50 metr, uzunligi 1,5 kilometrni tashkil etuvchi ushbu kollektor qachon tozalanganligini hech kim eslay olmasa kerak. Muammoni hal etish yuzasidan tegishli tashkilotlar, jumladan, shahar sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi, ekologiya, arxitektura, “Suvoqova”, yer tuzish va kadastr tashkilotlariga bir necha bor murojaat qildik. Hatto, birgalikda ishlash uchun takliflarimizni ham bildirdik. Ammo, natija bo‘lmadi.

Mahalla yetakchisi bilan kollektor sohiliga borganimizda ariqning qadam bosish mumkin bo‘lmagan changalzorga aylanganligining, undan dimoqni yorgudek badbo‘y hid tarqalib turganligining guvohi bo‘ldik. Shunisi achinarliki, Maysazor ko‘chasi hamda qo‘shni “Mehnat” mahallasidagi hovli va xonadonlarning etagi aksariyati kollektor bilan tutashib ketgan. Xonadon egalarining o‘zboshimchaligi tufayli suv yo‘lining muhofaza zonasi allaqachon “o‘zlashtirilgan”. Mayli, agar bu o‘zboshimchalik obodonchilik maqsadida amalga oshirilganida hech kimda e’tiroz tug‘ilmas edi. Kollektor yurib bo‘lmas butazor va changalzorni eslatadi. Uning tubida oqayotgan suvni o‘z nomi bilan atash mumkin emas! Aholining aytishicha, bu yer bugungi kunda kalamush, sichqon, ilon va boshqa kasallik tarqatuvchi zaharli va zararli jonzotlar makoniga aylangan. Mazkur ariqdan oqayotgan oqova suv tarmog‘i qayerdan boshlanganini hech kim bilmaydi. Bu haqda shahar “Suvoqova” korxonasi boshlig‘i Javohir Zugurovga murojaat etganimizda yuqorida tilga olinayotgan muammoli hududlarda markazlashgan kanalizatsiya tizimi yo‘qligini aytdi. Agar haqiqatan ham bu yerda davlat tomonidan nazorat qilinadigan kanalizatsiya tizimi bo‘lmasa, korxonalar, xonadonlardan chiqayotgan va oqimi kollektorga to‘g‘rilab qo‘yilgan ushbu qo‘lbola kanalizatsiya tizimini kim nazorat qiladi?

Agar ahvol shu zaylda davom etsa, yuqorida ta’kidlangan kasallik tarqatuvchi jonzotlar ta’sirida turli yuqumli kasalliklar keng tarqalsa, bundan nafaqat “Za liniya”dagilar, balki “Do liniya”dagilar ham aziyat chekadi-ku! Biz yuqorida tilga olgan muammo oddiy tilda aytganda maddalab borayotgan xavfli yaraga o‘xshaydi. Uni bugunning o‘zida davolamasak, oqibati bundan-da, ayanchli bo‘lishi mumkin.

Hakim JO‘RAYEV,

Quvondiq XALILOV.