Samarqandning “qizil” hududlarida e’lon qilingan yengillikdan ayrim fuqarolar foydalanib qolishga urinmoqda

07:00 dan – 10:00 gacha, 17:00 dan – 20:00 gacha hech bir maqsadsiz, shunchaki, sayr qilishga chiqib, uni to‘xtatgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga maqsadli yurganini asoslab berolmay, qo‘shimchasiga tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib, go‘yoki o‘zini “oqlab ko‘rsatib”, viloyat rahbarini ro‘kach qilgan holda vaziyatdan chiqib ketishga urinayotganlar ham topilmoqda.

Viloyat maxsus komissiyasi qarorini buzishga hech kimning haqi yo‘q.

Maqsadsiz yuribsizmi, qonun doirasida jarimaga tortilasiz!

Marhamat, faqatgina kunning muayyan vaqtida (07:00 dan – 10:00 gacha, 17:00 dan – 20:00 gacha) ish joyiga borib-kelish, tibbiy buyumlar, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun chiqing. Hech kimning sizga e’tirozi yo‘q. Biroq vaziyatdan qo‘shtirnoq ichida foydalanib qolmang.

Yengillik berilgani - bu sizni hech kim to‘xtatmaydi, hujjatingizni tekshirmaydi, degani emas!

YPX va PPX xodimlari haydovchi va fuqarolarning nima maqsadda yurganligini tekshirish vakolatiga ega.

Hurmatli fuqarolar, yana bir bor ushbu yengilliklarni noto‘g‘ri talqin qilmasliklaringizni so‘raymiz. Belgilangan cheklovlarga to‘liq va aniq, og‘ishmay amal qilsak, holatimiz yanada yengillashib boraveradi.

Barchamiz bolalarimizni bog‘cha, maktablarga, istirohat bog‘lariga olib borishni, ko‘chalarda sayr qildirishni, to‘y qilishni, talabalar ta’lim olishni, shifokorlar uyga borishni kutyapti. Kasallikni tezroq yengishga barchamiz birlashib harakat qilaylik.

Birgina, ichki ishlar organlari va boshqa tegishli idoralar yordami bilan cheklovlarni ta’minlash og‘ir.

Hurmatli jurnalist va blogerlarimizdan asl holatlarni asosli va xolis o‘rganmasdan, har qanday ma’lumotlarni tarmoqlarga joylashtirmasliklarini, bu borada targ‘ibot va chaqiriqlarni kuchaytirishlarini iltimos qilamiz.

 

Jahongir SAGDULLAYeV,

Samarqand viloyati IIB matbuot kotibi.