“Sharq va G‘arb Ipak yo‘li” rallisi ishtirokchilari Samarqandda  

“Sharq-G‘arb Ipak yo‘li” rallisining Germaniya, Belgiya, Italiya, Angliya, Turkiya, Bolgariya kabi davlatlardan qatnashayotgan ishtirokchilari joriy yil 28 aprel kuni Turkiyaning Istanbul shahrida yig‘ilib yo‘lga otlanishdi. Gruziya, Ozarbayjondan o‘tib, Turkmaniston orqali O‘zbekistonga - avval Xiva, Buxoroda bo‘lib, bugun Samarqandga yetib keldi.

Samarqandda ular Turkiyaning Samarqanddagi Bosh konsuli Serdar Deniz bilan uchrashib, o‘zaro muloqot qildilar. Avtoralli orqali davlatlar, millatlararo do‘stlik, birodarlik aloqalarini mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan bu kabi avtosayohatlar davlatlardagi barqaror vaziyatni ham ko‘rsatib berishini ta’kidladilar.

- 20-30 yillik avtomobillarda cho‘llardan, tog‘lardan, turli sharoitdagi yo‘llardan o‘tib, Samarqandga yetib keldik, - deydi “Sharq va G‘arb Ipak yo‘li” rallisi rahbari Nadir Serin. – Qayerdadir bir mashina qumliklar ichida qoldi, yana qayerdadir nimadir nosozliklar bo‘ldi, lekin barini birgalashib hal qildik. Buxorodan Samarqandga kelayotganimizda qiziq holat bo‘ldi. FIAT rusumli avtomobillarimizdan birida jiddiy nosozlik yuzaga keldi. Omadimiz bor ekan, buxorolik yaxshi ustaga yo‘liqdik. U juda mohirlik bilan O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan “Matiz” rusumli avtomobilning ehtiyot qismini nosoz avtomobilimizga o‘rnatib berdi.

Xivada, Buxoroda bo‘lganimizda aholi avtomashinalarimizga qiziqib, suratlarga tushdi, ular bilan suhbatlashdik. Ijtimoiy tarmoqlarda biz haqimizda fikr bildirishdi. Bu kabi rallilarning asl maqsadi ham shu - odamlar orasida do‘stlik, oqibat o‘lmasligi, siz g‘arbda yashaysizmi yoki sharqlikmisiz, buning ahamiyati yo‘q. Dunyoning qaysi chekkasida istiqomat qilmaylik, biz insonmiz va shu nomga munosib qolishimiz kerak.

Avtoralli ishtirokchilari orasida ayollar ham borligiga guvoh bo‘lib, ularni suhbatga tortdik.

- Ushbu avtorallida ikkinchi bor ishtirok etayapman, - deydi turkiyalik Gulay Karakimselilar. – Bu yil Turkmanistondagi qumliklarda mashinam qolib ketishiga oz qoldi. Lekin atrofdagilar bilan bu muammoni bartaraf etdik. Shunaqa paytlarda til, millat va qaysi davlat vakili ekaningni unutasan. Insonlar o‘rtasida doim mehr-oqibat bo‘lishi tarafdorimiz. Avtorallida ishtirok etishimga mashina boshqarishni yoqtirishim sabab bo‘lsa kerak. Soatlab mashina boshqarishni yoqtiraman.

“Sharq-G‘arb Ipak yo‘li” rallisi 2009 yildan beri turli davlatlarda shunday murakkab sayohatlarni uyushtirib kelmoqda. Markaziy Osiyo davlatlariga esa 5 yildan beri qatnamoqda. Bu yilgi ralli ishtirokchilari Tojikiston, Qozog‘istonga ham borishi kutilmoqda.

Gulruh MO‘MINOVA.