Meningit qanday kasallik? Uning davolashning qanaqa usullari bor?
"Sanepidemqo‘mita" ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida respublikamiz bo‘yicha meningokokk infeksiyasining biroz ko‘payganligi qayd etilgan. Xo‘sh, meningit o‘zi nima?
Meningit - bu bosh miya va orqa miya pardalarining yallig‘lanishidir. Bu juda xavfli kasallik bo‘lib, tezda rivojlanishi va og‘ir asoratlar qoldirishi mumkin.
Kasallikning qanday turlari bor?
Meningitni keltirib chiqaruvchi sabablarga qarab bir necha turga bo‘linadi:
1. Bakterial meningit: Eng xavflisi hisoblanadi. Uni keltirib chiqaruvchi asosiy bakteriyalar: meningokokk, pnevmokokk, gemofil tayoqchasi va B guruhi streptokokki.
2. Virusli meningit: Bakterial meningitga nisbatan yengilroq kechadi. Kasallikni turli xil viruslar qo‘zg‘atadi.
3. Zamburug‘li meningit: Ko‘pincha immuniteti zaif bo‘lgan odamlarda uchraydi. Kasallikni zamburug‘lar chaqiradi.
Kasallik qanday yo‘llar bilan yuqadi?
Meningit asosan havo-tomchi yo‘li bilan yuqadi. Ya’ni, kasal yoki bakteriya tashuvchisi bo‘lgan odamdan yuqadi. Kasallik yo‘talganda, muloqot vaqtida havodagi mayda tomchilar bilan tarqaladi. Shuning uchun jamoat joylarida, ayniqsa, yopiq xonalarda ko‘p vaqt o‘tkazganda kasallikni yuqtirish xavfi ortadi.
Kasallikning asosiy belgilari nimalardan iborat?
Kasallik odatda kutilmaganda va tezda boshlanadi. Quyidagi belgilarga e’tibor berish kerak:
- 38-40°S gacha bo‘lgan isitma, qattiq sovqotish;
- kuchli bosh og‘rig‘i, bu eng ko‘p uchraydigan xarakterli belgilardan biri hisoblanadi;
- yorug‘likdan qo‘rqish (fotofobiya);
- ko‘ngil aynimasdan qayt qilish.
Meningit kasalligiga xos alohida belgilar quyidagilardan iborat:
- bo‘yin mushaklarining qotishi (rigidligi): Boshni ko‘krakka egish qiyin yoki umuman boshni egib bo‘lmaydi;
- kernig simptomi: Cho‘zilgan oyoqni tizzadan bukish mumkin, ammo tizzadan bukilgan oyoqni to‘g‘rilash kiyinchilik tug‘diradi;
- bolalarda: Kichik yoshdagi bolalarda bolani qo‘ltig‘idan ko‘targanda boshini ortga tashlashi va oyoqlarini qorniga tortishi kuzatilishi mumkin. Shuningdek, katta liqildoqning bo‘rtishi ham kelib chiqadi.
Kasallik qanday davolanadi?
Meningitni uyda davolash mumkin emas. Zudlik bilan shifoxonaga yotqizish kerak. Shifokor meningit kasalligini keltirib chiqargan omilga qarab antibiotik, virusga yoki zamburug‘ga qarshi dorilarni belgilaydi.
Agar o‘z vaqtida davolanmasa, meningit og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin:
- eshitish qobiliyatini yo‘qotish (bu asorat taxminan har beshinchi bemordan bir nafarida uchrashi mumkin);
- tutqanoq;
- xotira va fikrlash qobiliyatining pasayishi;
- bolalarda aqliy rivojlanishning sustlashishi;
- ko‘rish qobiliyatining yo‘qolishi;
- ba’zi hollarda o‘limga sabab bo‘lishi mumkin.
Meningokokk infeksiyasidan himoyalanishning eng samarali usuli bu emlashdir.
Kimlar emlanishi kerak?
Yosh bolalar, o‘smirlar (14-17 yosh), qariyalar va immuniteti zaif odamlar xavf guruhiga kiradi. Zamonaviy vaksinalar organizmda 7-10 yil davomida immunitetni saqlashga qodir. Haj, umra, umuman xorij safariga otlangan fuqarolarga meningokokk infeksiyasiga qarshi emlash tavsiya etiladi.
A’zam Orziqulov,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti yuqumli kasalliklar kafedrasi assistenti, tibbiyot fanlari nomzodi.