Samarqandning ruhiy bekatlari

Alloh fazl ato etgan joylar yer yuzining ko‘rki hisoblanadi. Moddiy va ma’naviy barakoti bilan havas uyg‘otadi. Xilma-xil boyliklari, yer unumi va xalq farovonligiga, ahli donishlari namunasi inson kamolotiga sabab bo‘ladi. Bunday ma’mur o‘lkalar ruhiy tarbiya va ta’lim bo‘larlik muqaddaslikka ega. Ular moziylar osha ko‘ngil dunyosining nufuzi va naqshi bo‘lib kelayotgan aziz avliyolar, ulamolarning so‘nggi manzillari sifatida ham qadrlidir.   

Qadim Samarqand mana shunday maskanlardan bo‘lib, har qarichi tabarruk. Chunki bu ma’voda o‘tgan mo‘’tabar zotlarning yuzlab ziyoratgoh qabr va qadamjolari bor. Ular jumlasiga payg‘ambarlar, sahobiylar, tobeinlar, tab’a tobeinlar, qutblar, g‘avslar, a’zamlar, mashoyixlar, pirlar, darvesh va qalandarlar nisbat berilgan ziyoratgohlarni kiritish mumkin.

Qadim hikmatlardan birida: “Biror mamlakatga yo‘ling tushsa, mozori bilan bozorini ko‘r“ deyiladi. Mozorni ko‘rmoqdan murod shu xalqning o‘tgan donishmand va fozillariga, tarixiga munosabatini kuzatishdir. Zero, o‘zligini anglagan, o‘tmishini, ajdodlarini unutmagan xalq tafakkurli bo‘ladi.

Qabr ahli barcha moddiy ehtiyojlardan xoli. Ya’ni, “Vaqtiki, odam bolasi o‘lsa, uning uch narsadan boshqa amali kesiladi: Sadaqai joriya, unga duo qiladigan solih farzand va undan keyin manfaat olinib turiladigan ilm”, deganlar. (Muslim rivoyat qilgan). Hayot chog‘larida amalga oshirgan xayrli ishlaridan ibrat olinsa xotiralarda bardavom  yashab milliy timsolga aylanadi. 

  Bu manzillar meroslaridan hosil bo‘lgan samara ko‘ngilga quvvat, niyatga madad, umidga tayanch bo‘ladi. Shuning uchun ham barcha davrlarda oqil va fozil zotlar, dono hukmdorlar ularning qabrlarini duo va sadaqalari bilan ziyorat va obod etishni muqaddas bilganlar. 

 Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham qabr ahlini ziyorat qilishdagi duodan yetadigan manfaatni hadislarida aytib o‘tganlar.

Imom Muslimning “Sahih”ida keltirilishicha, Oisha onamiz roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan: “Qabr ahllariga istig‘for aytsangiz nima deysiz?” deb so‘raganlarida u zot sollallohu alayhi vasallam: “Assalomu alaykum, ey mo‘’min va musulmonlar diyori ahli. Alloh bizdan va sizdan oldin o‘tganlarniyu keyin qolganlarni rahim qilsin. Va albatta, biz ham sizlarga kelib qo‘shilamiz”, deb javob berganlar. 

O‘tgan aziz zotlarga duo va ehtiromlar bardavomligi ham yuqoridagilar sababidan bo‘lib, haqlariga tazkiralar bitilgan. Bu asarlarga nisbatan turlicha qarashlar mavjudligini unutmagan holda tarixiy qiymati sababidan mushohadangizga ulardan  iqtiboslar keltiramiz. Ahmad ibn Mahmud Buxoriy Mo‘’in al-Fuqaroning (XIV-XV asr) «Tarixi Mullazoda» kitobidan olingan quyidagi ko‘chirma bu borada ayrim savollarga  javob bo‘ladi: «Kashf va ayon ahlidan bo‘lgan ba’zi kishilar aytishlaricha, agar (ziyorat qiluvchi) kishilar biror bir aziz yoki ulug‘ turbatiga yetishsa va o‘sha buzurg shu joyda dafn etilgan deb ishonch hosil qilsa, haqiqatda bunday bo‘lmasa-da, o‘sha buzurgning fayzi va madadi uning kamol tariqiga nuqsonsiz yetkazadi, chunki ruhlar olamida yaqinlik va uzoq (bo‘lish) tushunchasi yo‘qdir» (31-bet).

Bu nuqtai nazar ahli qabrdan hojat so‘rash degan gap emas. Mazmunda ruhoniyat iste’foda etilyapti. Aniqrog‘i, o‘sha buzurgning fayzi va madadi uning kamol tariqiga nuqsonsiz yetkazishi, yo‘li, ilmi, taqvosi amaliga ixlosdan, havasdan, muhabbatdan hosiladir. Ziyoratlar mazmunida ham mana shu maqsad bo‘lmog‘i kerak. 

Qanday ehtiyoj va talabdan qadamjolar (ramziy qabrlar) paydo bo‘lganiga doir tarix yoki qaydlar manbalarda uchramaydi (masalan, Hazrati Doniyor a.s.). Bu qabrlar tarixiy xotiraga aylangan. Milliy va ma’naviy qadriyatning ruhoniy bekati darajasini olgan. Shuning uchun ham qadrlanib, e’zozlanadi.  

Ziyorat etiluvchi zotlardan ba’zilari jismonan diyorimizga kelmagan bo‘lsalar-da, ruhoniyatlari bilan qo‘nim topganlar. Shu sababli ahli ixlosning ko‘nglidan o‘rin olgan. Qabrlari shu nuqtai nazardan eslab turish va eslatib turish maqsadida tiklangan. Bu yillar o‘tishi bilan avloddan avlodga meros o‘tgan. 

Shu o‘rinda bir mulohazaga ehtiyoj bor. Hazrat Ali (r.a.)ga nisbat berilgan qadamjo va mozorlar ko‘plab diyorlarda uchraydi. Jumladan, Navoiy viloyati, Nurota tumani G‘ozg‘on qo‘rg‘onida ham shunday muborak joy mavjud. Bu maskan “Hazrati Shohimardon” deb ataladi. Ziyoratgohning bunyod bo‘lishi bilan bog‘liq tarix mavjud emas, ammo bu maskan xalqning hurmati, muhabbati va ixlosidan ziyoda muqaddas bilinadi. Hazrat Abdurahmon Jomiydan bu xususda, ya’ni Hazrat Ali (r.a.)ning qabrlari haqida so‘ralganida bejiz bu javobni aytmagan:

Go‘yand qabri Ali dar Najafast,

Biyo bu bin dar Balx chi baytu sharafast.

Jomiy na Adan go‘y, na baynal jabalayin 

Xurshedi yakiyu nuri o‘ har taraf ast.

Mazmuni: Alining (r.a.) qabrini Najafda deb aytadilar. Ko‘rib ishonch hosil etki, U Balxda ham beqiyos sharaflanadi. Ey Jomiy, sen uning qabrini Adanda yoki ikki tog‘ orasida deb hukmlama, U – quyosh, quyosh esa barcha joyda nur taratadi.

Hazrati Jomiyning ushbu purma’no satrlari barcha savollarning odil javobidir. Ziyoratgohlarga munosabatlarda turli fikrlar bor. Maqsadimiz birlarini yoqlab, birlarini inkor etish emas. 

Qadamjo va ramziy qabr tushunchalari ma’lum davrda shakllanib, o‘zaro bir-birini to‘ldiradi. Qadamjo “qadam yetgan joy” deb tushuniladi. Ramziy (qabr) – arabcha ramz (belgi ishora) so‘zidan hosil bo‘lgan. O‘zbek tilining etimologik lug‘atiga ko‘ra «ishora qilib turuvchi» ma’nosini anglatadi. Ya’ni, umumiy tushunchada hurmat ishorasi, belgisi sifatida o‘zlashtirilgan. 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu mazmun va tushunchalar azizlangan insonlarga mansub deb bilingan qabrlargagina xos bo‘lib, ular tabarruk va muqaddas hisoblanadi.

Suyundik Mustafo NUROTOIY.