Samarqandning yana ikki tumaniga Xitoy tajribasi tatbiq etiladi
Xitoyning Shandun provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi Lin U boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va janob Lin U hamda ikki tomon vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari xususida fikr almashildi.
- O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasida amalga oshirilayotgan hamkorlik fonida Samarqand viloyatining Xitoy provinsiyalari bilan aloqalari tobora yuksalib bormoqda, - dedi viloyat hokimi E. Turdimov. - Chunki, Samarqandning Chin yurti bilan aloqalari tarixiy asosga ega. Bu bugungi kundagi o‘zaro hamkorligimizning kengayishiga xizmat qilmoqda va bundan keyin ham shu tarzda davom etishiga ishonaman. Buning uchun aniq reja asosida yo‘l xaritasi tuzib, mas’ullarni biriktirib, bandma-band ish olib borsak, ikki tomon uchun bu manfaatli bo‘ladi.
Shandun provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi Lin U ham o‘z navbatida Shandun va Samarqand o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad ekanligini ta’kidladi. Birgalikda hamkorlik yo‘nalishlarini aniq belgilab olgan holda istiqbolli rejalar asosida ish olib borishni taklif qildi.
- Biz Samarqand bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz,- dedi janob Lin U. - Shu bois, aniq reja asosida ish boshlasak, maqsadimizga tez va yuqori natijalar bilan erishamiz. Bunda albatta, o‘zaro ishonch muhim. Bizga aniq takliflar bildirilsa, o‘z tajribamizni bu yerda ham qo‘llab yuksak marralarni zabt etamiz, degan umiddaman.
Uchrashuvda tomonlar hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarni bildirishdi.
Jumladan, Erkinjon Turdimov Shandunning kambag‘allikni qisqartirish, sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash, metallurgiya bo‘yicha boy tajribasini viloyatda qo‘llash, xususan Narpay va Paxtachi tumanlariga shandunlik ishbilarmonlarni jalb etishni taklif qildi. Buning uchun ushbu hududlarda har tomonlama shart-sharoit mavjudligi, kelgusida ham qonun doirasida imkoniyatlar yaratilishi ma’lum qilindi. Janob Lin U ham bu borada o‘z fikrlarini bildirib, ular raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, sanoat va kommunal sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflarni amalga oshirishga tayyorligini ta’kidladi.
Tomonlar uchrashuv davomida taklif va mulohazalar asosida aniq rejalarni tuzish, ularni amalga oshirish bo‘yicha mas’ul xodimlariga topshiriqlarni berishdi.
Uchrashuvdan so‘ng janob Lin U boshchiligidagi delegatsiya Erkinjon Turdimov hamrohligida Ipak yo‘li xalqaro turizm markazida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Shandun provinsiyasi delegatsiyasining tashrifi davom etmoqda.