«SamAuto»ning davlat ulushi «Anadolu Isuzu»ga sotildi
«Samarqand avtomobil zavodi» MChJ qo‘shma korxonasi (SamAuto) ustav kapitalidagi 75,2 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayonlari yakunlandi.
Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lum qildi.
Agentlik Turkiyaning yirik sanoat va tijorat guruhlaridan biri — «Anadolu Group» tarkibiga kiruvchi «Anadolu Isuzu» kompaniyasi bilan davlat ulushini sotish bo‘yicha kelishuvga kelgan edi.
Kelishuvga muvofiq:
- investor davlat ulushi uchun 80 million AQSh dollari to‘lovini amalga oshirdi;
- korxonani rivojlantirish maqsadida texnik-iqtisodiy baholash xulosalari asosida qo‘shimcha 80 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritishi belgilangan.
19 noyabr kuni ulushni sotib olish bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasi imzolandi. 9 dekabr kuni esa 80 million dollarlik to‘lov Xususiylashtirish jamg‘armasiga kelib tushdi.
Shundan so‘ng, jamg‘arma tomonidan 1 trln so‘m mablag‘ 10 dekabr kuni Respublika byudjetiga o‘tkazildi.
Yaqin kunlarda investorning majburiyatlarini belgilaydigan investitsiya shartnomasi rasmiylashtiriladi.
Agentlik jarayonda ishtirok etgan barcha manfaatdor tuzilmalarga, shuningdek, xalqaro maslahatchilar — KPMG va Dentons kompaniyalariga minnatdorlik bildirdi.