“MAN Auto” va “SamAuto” korxonalariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi
Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kuni avtomobil sanoatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Joriy yilning olti oyida ushbu sohada ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 154 foizga oshib, 1 trln so‘m sof foyda olingan. Qariyb 73 mln dollarlik avtomobillar eksport qilingan. Ichki bozorda mahalliy avtomashinalar ulushi 97 foizga yetgan.
“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasiga umumiy ishlab chiqarish hajmini 2023 yilga qadar hozirgi 250 mingdan 350 ming donaga, eksport hajmini kamida 100 ming donaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Eksportda bir dona yengil avtomobilning logistika xarajati narxning 8-10 foizini tashkil qilishi qayd etilar ekan, bu xarajatlarni davlat tomonidan qisman qoplab berish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Xorijiy distribyutorlar bilan birgalikda eksport narxini qayta shakllantirish va tashqi bozorlarga kafolatli chiqish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Xorijiy kompaniyalar bilan sheriklikda tijorat avtomobillari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish, “MAN Auto” va “SamAuto” korxonalariga xitoylik va yaponiyalik hamkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarini jalb qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga tarmoqda lokalizatsiya darajasini oshirish, xususan, import qilinayotgan 22 turdagi bazaviy qismlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni tashkil qilish topshirildi.