SamDChTIda talabalarning 10 foizi yotoqxona bilan ta’minlangan

Kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bandligini ta’minlash va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mutasaddilarga talabalar turar joylarini ko‘paytirish, bu maskanlarda yoshlarga munosib shart-sharoit yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishdan so‘ng Samarqand viloyati hokiminining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari X.Ochilov Samarqand davlat chet tillar instituti talabalar turar joyida bo‘ldi.

Ayni paytda institutda 7741 talaba tahsil olmoqda. Institutda 625 o‘ringa ega yotoqxona mavjud bo‘lib, 10 ta (30 ta o‘rin) xona xorijiy davlatdan kelib ishlayotgan professor-o‘qituvchilar va ta’lim olayotgan talabalarga ajratilgan. Institut qoshidagi akademik litsey talabalaridan 50 nafari ham shu yotoqxonaga joylashtirilgan. Bugungi kunda talabalarning yotoqxona bilan ta’minlanish darajasi 10 foizni tashkil etadi. 3500 dan ortiq talabaning yotoqxonaga ehtiyoji bor.

- Institutda qabul kvotalarining yildan-yilga ko‘payishi hisobiga kelgusi 3 yilda talabalar soni 10 ming nafardan oshib ketishi va bu jarayon talabalarning yotoqxonaga bo‘lgan ehtiyojini yanada ortishiga olib keladi, - dedi institut rektori Ilhomjon To‘xtasinov. - Kelajakda institut uchun kamida 4000 kishilik talabalar turar joyi zarur.

Viloyat hokimining o‘rinbosari rektor hamda talabalar yotoqxonasiga mas’ul xodimlarga bu yerda talabalar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi lozimligi, kelgusida qo‘shimcha yotoqxona binolari qurilishi yoxud ajratilishi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.

Xurshida Ernazarova.