SamDTU ko‘p tarmoqli klinikasida yuqori texnologiyali neyrojarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yildi  

Bosh miya o‘smalari va epilepsiya kasalligi hozirgi kunda ham neyroxirurgiya yo‘nalishidagi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.

Bemorlarda hayot sifati va mehnatga layoqatlilikning pasayishi ushbu kasalliklarni zamonaviy kaminvaziv usullar bilan bartaraf etish bo‘yicha izlanishlarni olib borish ahamiyatini yanada oshiradi. Hozirgi kunda epilepsiyani davolashda qo‘llanilayotgan antikonvulsant (antiepileptik) preparatlar 80-85 foiz holatlarda samara beradi. Ammo qolgan 15-20 foiz bemorlarda ushbu preparatlarni qabul qilish fonida ham epileptik xurujlar davom etaveradi va epileptik xurujlarni to‘xtatish yoki kamaytirish imkoniyati bo‘lmaydi. Bu holat tibbiyotda farmakorezistent epilepsiya deyiladi va bunday bemorlarda xirurgik yo‘l bilan davolanish talab etiladi.

Bu yo‘nalishda SamDTU “Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi” professor-o‘qituvchilari universitet ko‘p tarmoqli klinikasining neyroxirurgiya bo‘limi vrachlari bilan birgalikda Rossiya Federatsiyasining Tyumen shahridagi Federal neyroxirurgiya markazida, Turkiyaning Istanbul va Izmir shaharlaridagi yetakchi neyroxirurgik klinikalarda gipofiz adenomalari va farmakorezistent epilepsiyani endoneyroxirurgik usulda bartaraf etish bo‘yicha malakalarini oshirishdi va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi. Shu bilan birga mazkur yuqori texnologiyali neyrojarrohlik amaliyotlarini bajarish uchun SamDTU rektorati amaliy yordami bilan ko‘p tarmoqli klinikaning neyroxirurgiya bo‘limi zamonaviy neyroendoskopik uskuna va elektron-optik konvertor – C-arm (EOP) bilan qo‘shimcha jihozlandi. Natijada klinikada ilk bor gipofiz adenomalarini neyroendoskopik usulda transnazal transsfenoidal olish operatsiyasi amaliyotga joriy etildi.

Hozirgi kunga qadar 25 nafar bemorda mazkur neyroendoskopik amaliyotlar bajarildi. Bemorlar ko‘rishning pasayishi, ortiqcha vazn, akromegaliya, ko‘krakdan sut ajralishi, qandsiz diabet, qon bosimida nostabilligi kabi shikoyatlar bilan murojaat qilishgan. Operatsiyadan keyingi davrda ularning barchasida ko‘rish faoliyati yaxshilangan, endokrinologik buzilishlar stabillashgan, umumiy ahvoli yaxshilangan, qon bosimi mo‘’tadillashgan.

Neyroxirurgiya bo‘limiga A. ismli 11 yoshli, hamda S. ismli 23 yoshli bemor bir kunda 7-8 martagacha tutqanoq xurujlari kuzatilishi, tutqanoqqa qarshi dorilarni yuqori dozada qabul qilsa ham samarasi bo‘lmaganligi shikoyati bilan murojaat qilgan. 2023 yil 11 noyabrda bemorlarga yuqori texnologiyali “Neyroendoskopik gorizontal gemisferotomiya” operatsiyasi o‘tkazildi. Operatsiyadan keyingi davrda ikkala bemorning umumiy ahvoli qoniqarli, somatik a’zolari ko‘rsatkichlari stabil, nevrologik defitsitlar, nutq va harakat buzilishlari kuzatilmadi. Eng asosiysi, operatsiyadan oldin kuzatilgan tutqanoq xurujlari operatsiyadan keyin davrda qayd etilmadi. Bemorlarga qoniqarli ahvolda uyiga javob berildi.

Hozirgi kunda SamDTU ko‘p tarmoqli klinikasining neyroxirurgiya bo‘limida spinal endoskopik operatsiyalar, endoskopik usulda bosh miya neyroxirurgik kasalliklari, jumladan, gipofiz va kalla asosi o‘smalarida, gidrotsefaliyalar va araxnoidal kistalarda miniinvaziv operatsiyalar, EOP apparati yordamida spinal va stereotaksik neyroxirurgik amaliyotlarni hamda neyromodulyasiyani rivojlantirishni amaliyotga joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilyapti.

SamDTU ko‘p tarmoqli klinikasi axborot xizmati.