SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutida 2500 tup ko‘chat ekildi
Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, talabalari Prezidentimiz tomonidan e’lon qilingan “Yashil makon” dasturi doirasida 2022 yilda olis Qo‘shrabot tumanida 5 gektar maydonga 1500 tup, Nurobod tumani dashtida 12 gektar yerga 5000 tup mevali nihol ekib, bog‘ yaratgan edi.
Bugun ushbu dasturning davomi sifatida Jomboy tumanida joylashgan SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutida 1 gektar yerga 2500 tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, bog‘ yaratildi.
Mazkur bog‘ ilm-fanga asoslangan bo‘lib, aholi o‘rtasida ekologik savodxonlikni shakllantirish, tabiatga daxldorlik tuyg‘usini uyg‘otishga qaratilgan.
- Bugun nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda ekologik muammolar kuchaymoqda. Havoning ifloslanishi, suvning kamayishi, oziq-ovqat tanqisligi, yer va tuproq unumdorligining pasayishi kuzatilmoqda, - deydi Rustam Xolmurodov. – Bu kabi muammolar yashash imkoniyatimizni qiyinlashtirib, hayot sifatini pasaytiradi. Bularga barham berish maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi ishlab chiqildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Qadimdan ajdodlarimiz ona tabiat bilan hamohang bo‘lib yashaganlar. Afsuski, bugungi kunda tabiatga nisbatan iste’molchilik kayfiyati kuchayib bormoqda. Iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga kelayotgan turli muammolardan butun insoniyat qattiq aziyat chekmoqda. Bunday holat barchamizdan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi”. Joylarda barpo etiladigan bog‘lar havoning tozalashi bilan birga hududdagi oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini ham hal etishga yordam beradi. Har bir inson bitta daraxt ko‘kartirsa yoki ekologik madaniyatga rioya qilsa, maqsadga erishgan bo‘lamiz.
- Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutida bog‘ barpo etilishi nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirilgan tarzda olib borishga imkoniyat yaratadi, - deydi institut direktori, dotsent Toshpo‘lat Rajabov.
Samarqand davlat universiteti axborot xizmati.