SamDU olimlari va talabalar Belgiyaga boradi

Belgiyaning Bryussel shahrida Yevropaning ERASMUS+ dasturi asosida «O‘zbekistonda telekommunikatsiya mehnat bozori ehtiyojlarini qondirish uchun fotonika va optik aloqalar bo‘yicha yangi magistratura (INMACOM)» loyihasi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Bryussel va Tent, Italiyaning Turin politexnika universitetlari hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, SamDU, O‘zMU va TATU Urganch filiali professor-o‘qituvchilari hamda «O‘zbektelekom» tashkilotidan mutaxassislar ishtirok etdi.

- INMACOM loyihasi oliy ta’lim tizimidagi nufuzli dasturlardan sanaladi, - deydi tadbirda qatnashgan Samarqand davlat universitetining birinchi prorektori, professor Ahmadjon Soliyev. – Uchrashuvda ushbu loyihaning yillik hisoboti va keyingi yilda bajarilishi lozim bo‘lgan rejalari muhokama qilindi. Har bir hamkor universitet loyiha doirasida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobot berdi. Xususan, 2023-2024 o‘quv yilida universitetimizda fotonika bo‘yicha magistratura yo‘nalishi ochildi. Respublikada yagona sanalgan ushbu magistratura mutaxassisligi bo‘yicha dars mashhulotlari Yevropa universitetlarida tuzilgan o‘quv reja va fan dasturlari asosida tashkil etilgan. Uchrashuvda biz ushbu yo‘nalishda hozirgacha amalga oshirilgan ishlarni taqdim etdik.

Tadbirda ishtirokchilar hamkor vakillar bilan Yevropa universitetlarida ta’lim jarayonlarini tashkil etish va ta’lim sifatini nazorat qilish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashdi hamda Bryussel universitetidagi mavjud ilmiy va o‘quv laboratoriyalari faoliyati bilan tanishdi.

Tadbir yakunida Bryussel universiteti hamda Samarqand davlat universiteti o‘rtasida 2025 yilning fevral va mart oylarida SamDUdagi fotonika mutaxassisligida tahsil olayotgan 2 nafar magistratura talabasi hamda 2 nafar professor-o‘qituvchi Bryussel universitetida amaliyot o‘tashiga kelishib olindi.

Abduvohid Jumaboyev.