SamDUda “Buyuk ipak yo‘li xabarchisi” jurnali chop etiladi

Samarqand davlat universitetida “Buyuk Ipak yo‘li xalqlari madaniy va adabiy merosi” ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.

Markazda qisqa fursata ulkan yutuqlar qo‘lga kiritila boshlandi. Xitoy Konfutsiy instituti granti asosida filologiya fanlari doktori E. Musurmonov muallifligida “Buyuk ipak yo‘lida qadimgi o‘zbek-­xitoy adabiy aloqalari” monografiyasi, markazning “Buyuk ipak yo‘li xalqlari madaniy va adabiy merosi” nomli granti asosida professorlar R. Xolmurodov va E. Musurmonovlar hammuallifligida “Buyuk ipak yo‘li madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasi” monografiyasi va o‘quv qo‘llanma ham nashr etildi.

Buyuk Ipak yo‘lining aynan O‘zbekiston hududidan o‘tganligini ilmiy asosda madaniy, adabiy va arxitektura yodgorliklari yordamida isbotlash va uni o‘quv jarayoniga tatbiq qilish maqsadida SamDU magistrantlari uchun maxsus “Buyuk ipak yo‘li madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasi” ixtisoslik fani dasturi ishlab chiqildi va bu fan magistrlarga o‘qitildi. Bakalavrlarga 2022­2023 o‘quv yili uchun o‘quv rejasiga kiritildi.

Shu yutuqlarga hamohang universitetda yangi ilmiy nashr – “Buyuk ipak yo‘li xabarchisi” ilmiy jurnali ta’sis etildi. Taniqli olimlar, ziyolilardan tarkib topgan jurnal tahririyati jamoasi va tahririyat kengashi yuksak marralarni ko‘zlagan.

O‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etilayotgan mazkur jurnal aniq, tabiiy va gumanitar fanlar sohasida bajarilayotgan ilmiy-­tadqiqot ishlarining natijalarini chop etish, raqobatbardosh ishlanmalar va innovatsion yechimlar xususida ilmiy salohiyatli mutaxassislarning tajribalarini ommaviylashtirish, fundamental va innovatsion ilmiy jarayonlardan xabarlar, monografiyalarga retsenziyalar, Buyuk ipak yo‘lida joylashgan davlatlar va boshqa xorijiy mamlakatlar olimlari bilan hamkorlik aloqalari va ularning natijalarini keng yoritishni maqsad qilgan. Jamoa ilm­fan sohasida olib borilayotgan tub islohotlar mohiyatini ilmiy jamoatchilikka yetkazish, sohaga oid ilmiy maqolalarni e’lon qilib borishdek mas’uliyatli va sharafli vazifani bajarishni boshladi.

Jurnal o‘zining ixtisoslashuvi — Buyuk ipak yo‘li halqlari tarixi, ilm-fani va madaniyati, urf-odat va an’analari, siyosiy-iqtisodiy aloqalari yoritilgan ilmiy, ma’naviy-­ma’rifiy, siyosiy-­huquqiy, nazariy-­uslubiy maqolalarni e’lon qilib borish bilan mamlakatimiz ilm ­fani rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi. “Buyuk ipak yo‘li xabarchisi” jurnali olimlarning ilmiy ishlanmalari va tadqiqotlari natijalarini nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro maydonlarda namoyon etishda muhim omil vazifasini o‘taydi.

Hakim JO‘RAYeV.