SamISI da yoshlarga e’tibor qanday?

Bugungi kunda Samarqand iqtisodiyot va servis institutida 9 ming nafarga yaqin talaba tahsil oladi.

Ular uchun oliy o‘quv yurtida zarur sharoitlar yaratilgan. Turli xil fan va sport to‘garaklari tashkil etilib, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, har bir fakultetda kitobxonlik tadbirlari, intellektual o‘yinlar o‘tkazib turiladi.
Talabalarning chet tillarini o‘rganishi uchun ham zarur imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, darsdan tashqari to‘garak mashg‘ulotlari, til bilish darajasini oshirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Shuningdek, rus guruhlarida ta’lim olayotgan yoshlar o‘zbek tilini chuqurroq o‘rganishlari uchun o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilari tomonidan ham tadbirlar uyushtirilyapti. Bu tadbirlar doirasida soha mutaxassislari, taniqli tilshunos olimlar, shoir va yozuvchilar hamda jurnalistlar taklif etilib, ijodiy uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti yoshlari uchun 30 iyun - Yoshlar kuni oldidan ham turli xil tadbirlar tashkil etildi. Yurtimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarni bayram bilan qutlab, ularning kelgusidagi o‘qish va ishlariga muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Jahongir Niyatov,
SamISI o‘qituvchisi.