SamISI o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tdi. Endi qabul kvotalarini o‘zi belgilaydi
Samarqand iqtisodiyot va servis institutining 2020 yil 1 yanvardan o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tganligi munosabati bilan moliya-iqtisodiyot masalalari bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar va ularni bajarish to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqildi.
Institut to‘lov-kontrakt va homiylardan tushadigan mablag‘ hisobidan o‘zini-o‘zi moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Institutning o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tishi ko‘plab imkoniyatlarni keltirib chiqaradi. Masalan, institut ta’lim bozorida talab va taklifdan kelib chiqqan holda hamda muassasaning ilmiy-pedagogik salohiyati, uning moddiy-texnik bazasi imkoniyatlarini inobatga olib, kadrlarni tayyorlab berish, yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ko‘paytirish, talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari va to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini belgilash huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, bu tizimda institut qabul kvotalarini o‘zining imkoniyatidan kelib chiqqan holda belgilaydi va institutning xarajatlarini ham uning o‘zi taqsimlaydi.
Institutda to‘lov-kontrakt summalari oshiriladi. Ammo bu tegishli tashkilotlar tomonidan nazoratga olinadi. Albatta, bu jarayondan ko‘zlangan asosiy maqsad, talaba-yoshlarni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan o‘quv maskanlarida ta’lim olishi hamda professor-o‘qituvchilarga bilim darajasiga qarab oylik maoshi belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shohruh JALILOV.